“Tolibon” falastinliklarga qilingan hujumni qoraladi
Olam
−
10 aprel 2023
5736"Tolibon" vakili Zabihullo Mujohid Al-Aqso masjidida falastinliklarga qilingan hujumni qoraladi. Bu haqda "Sputnik Afg‘oniston" xabar berdi.
Qayd etlishicha, Zabihullo Mujohid masjidga bostirib kirgan Isroil xavfsizlik kuchlarini tanqid qilgan. U muqaddas joylarga qilingan hujumlar xalqaro qonunlarga zid ekanini ta’kidlab, ushbu harakatni insoniyatga qarshi jinoyat deb baholagan. Shuningdek, Zabihullo Mujohid Islom davlatlarini falastinliklarni birgalikda himoya qilishga chaqirgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 31 mart kuni falastinlik 26 yoshli yigit Isroil harbiylarining hujumiga uchragan ayolni himoya qilishga uringanida otib o‘ldirilgan edi. 5 aprel kuni esa Isroil xavfsizlik kuchlari Al-Aqso masjidiga bostirib kirib, u yerdagi falastinliklarga shovqinli granatalar, zaharli gaz, rezina o‘qlar va boshqa vositalar yordamida hujum qildi. Oqibatda o‘nlab falastinliklar jarohat olgandi. Ushbu harakat ko‘plab norozilik namoyishlarini keltirib chiqardi. 6 aprel kuni esa Livan hududidan Isroilga qarshi raketa zarbalari berildi. Bunga javoban Isroil XAMAS harakatining G‘azo sektoridagi o‘quv bazasi va harbiy postlariga hujum qildi. Shundan so‘ng, Livan hududiga ham hujum uyushtirildi.
Yevropa Ittifoqi Isroildagi hujumlarni qoralab, tomonlarni vazmin bo‘lishga chaqirgan bo‘lsa, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an eronlik hamkasbi Ibrohim Raisiyni Isroilga qarshi birlashishga chaqirgandi.
Nodirjon Madaminov
LiveBarchasi