Erdo‘g‘an Eronni Isroilga qarshi birlashishga chaqirdi

Olam

image

Kecha, 7 aprel kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an eronlik mavqedoshi Ibrohim Raisiy bilan telefon orqali muloqot qilib, o‘zaro aloqalar, mintaqaviy masalalar, shuningdek, Isroilning Al-Aqso masjidiga uyushtirgan hujumlarini muhokama qildi. Bu haqda “Daily Sabah” xabar berdi.

Isroilning qamal ostidagi G‘azo sektoriga uyushtirgan havo hujumlari bir hafta ichida ikkinchi marta takrorlanar ekan, Erdo‘g‘an Raisiy bilan suhbatda Islom dunyosi Isroilning Falastindagi hujumlariga qarshi bir bo‘lishi kerakligini aytgan.

Ma’lumki, Isroil armiyasi kecha, 7 aprel kuni ertalab G‘azo va Livan janubiga havo hujumlarini boshlagan edi. Bu keskinlashuv Isroil kuchlarining bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidi majmuasidagi Al-Qibli namozxonasiga bostirib kirishi va falastinlik namozxonlarni ketma-ket ikki kechaga majburan olib chiqib ketgani ortidan sodir bo‘lgan.

Falastinda yangi zo‘ravonlik davrining oldini olish uchun “oqilona fikrlash” zarurligini ta’kidlagan Erdo‘g‘an, barcha tomonlarning sog‘lom fikrga ega bo‘lishining “foydali” ekanini qayd etgan.

Shuningdek, u, Raisiyni Islom hamkorlik tashkiloti va Birlashgan Millatlar Tashkiloti kabi xalqaro platformalarda muqaddas joylar maqomini saqlab qolish borasidagi sa’y-harakatlarni davom ettirishga chaqirgan.

Bundan tashqari, Erdo‘g‘an Eron Prezidentiga Yevropaning turli shaharlaridagi Turkiya elchixonalari oldida Islomning muqaddas kitobi Qur’onga qarshi so‘nggi hujumlarga qarshi Islom birdamligini ko‘rsatishning muhimligini ta’kidlagan.

Ma’lumot uchun, Erdo‘g‘an va Raisiy so‘nggi bor o‘tgan yilning sentyabrida Samarqandda bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkilotining 22-sammiti doirasida uchrashib, 2022 yil iyul oyida imzolangan bir qator bitimlarni amalga oshirishni tezlashtirish masalasini muhokama qilgan. Tez kunda Raisiy Anqaraga borishi kutilmoqda. Uning bo‘lajak tashrifi ikki tomonlama munosabatlarda yangi bosqichni boshlashi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, 5 aprel kuni Isroil xavfsizlik kuchlari Al-Aqso masjidiga bostirib kirib, u yerdagi falastinliklarga shovqinli granatalar, zaharli gaz, rezina o‘qlar va boshqa vositalar yordamida hujum qilgandi. 6 aprel kuni esa Livan hududidan Isroilga qarshi raketa zarbalari berildi. Bunga javoban Isroil XAMAS harakatining G‘azo sektoridagi o‘quv bazasi va harbiy postlariga hujum qildi. Shundan so‘ng, Livan hududiga ham hujum uyushtirildi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Al-Aqso Quddus Erdo'g'an Isroil Raisiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing