Isroil Damashqni raketa bilan o‘qqa tutdi (video)

Olam

image

Isroil Suriya poytaxti Damashqdagi harbiy ob’ektlarga havo hujumi uyushtirdi. Bu haqda Suriya armiyasidagi harbiy manbasiga tayanib, SANA agentligi xabar berdi.

Aytilishicha, zarbalar 7 avgustga o‘tar kechasi, mahalliy vaqt bilan soat 02:20 da berilgan. Rasmiy Damashqqa ko‘ra, havo hujumidan mudofaa tizimlari Golan tepaliklaridan otilgan raketalarning bir qismini urib tushirgan.

Hujum oqibatida 4 nafar harbiy halok bo‘lgan, yana to‘rt nafari yaralangan.

Ma’lumot uchun, “Hizbulloh” harakatining bo‘linmalari Damashq va uning chekkasida joylashgan. Bundan tashqari, xuddi shu hududda Bashar Asad armiyasining bo‘linmalari va Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi zobitlari nazorati ostidagi yollanma askarlar otryadlari bor. 2011 yilda Suriyada fuqarolar urushi boshlanganidan beri Isroil vaqti-vaqti bilan Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlangan guruhlar va Asad armiyasining harbiy obektlariga zarbalar berib kelmoqda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning mart oyida Isroil samolyotlari Suriyaning Aleppo (Xalab) xalqaro aeroportiga raketa hujumi, 30 martda esa Damashq yaqinidagi nishonlarga havo hujumi uyushtirgandi. 29 aprelda Isroil armiyasi Suriyaning Xoms viloyatidagi bir qator nishonlarga yana raketa uchirdi. Oqibatda uch nafar tinch aholi halok bo‘ldi. Isroil rasmiylari esa an’anaga sodiq qolgan holda bu borada bayonot berishdan o‘zini tiygan. 14 iyunda Isroil harbiy-havo kuchlarining ikkita F-15 taktik qiruvchi samolyoti bosib olingan Golan tepaliklari havo hududidan Suriya poytaxti Damashq yaqinidagi ob’ektlarga to‘rtta masofadan turib boshqariladigan aviabombalar bilan hujum qildi.

25 iyun kuni Rossiya samolyotlari Suriyaning Idlib viloyati Jisr ash-Shugur shahri markazidagi sabzavot bozorini o‘qqa tutdi. 2 iyulda Suriya havo hujumidan mudofaa kuchlari mamlakatning markaziy qismlari bo‘ylab Isroil tomonidan berilgan raketa zarbasini to‘xtatdi va raketalarning aksariyat qismini urib tushirdi.

Kecha, 6 avgust kuni Livanning “Al-Akhbar” gazetasi AQSH boshchiligidagi koalitsiya Suriyadagi o‘z ta’sir zonasida qo‘shinlarni qayta to‘plashga tayyorlanayotganini yozdi.


Maqola muallifi

Teglar

Suriya Isroil havo hujumi Damashq

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing