Rossiya samolyotlari Suriyadagi bozorni o‘qqa tutdi — “Anadolu”
Olam
−
25 iyun 2023 18916 1 daqiqa
Rossiya samolyotlari Suriyaning Idlib viloyati Jisr ash-Shugur shahri markazidagi sabzavot bozorini o‘qqa tutdi. Bu haqda “Anadolu” xabar berdi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, o‘t ochish oqibatida 9 kishi halok bo‘lgan, yana 30 kishi jarohatlangan.
Suriya muxolifati manbalariga ko‘ra, Rossiya Aerokosmik kuchlarining uchta samolyoti mahalliy vaqt bilan soat 10:03 da Lazkiye viloyatidagi Xmeymim havo bazasidan havoga ko‘tarilgan. Jisr ash-Shugur shahri markazidagi sabzavot bozori havo hujumiga uchragan.
Suriya fuqarolik mudofaasi boshqarmasi (Oq dubulg‘alilar) ma’lumotlariga ko‘ra, Idlib ma’muriy markazi va Beyni qishlog‘iga ham zarbalar berilgan.
Jarohatlanganlar kasalxonaga yotqizilgan. Qurbonlar soni ortishi mumkinligidan xavotirlar bor.
Ma’lumot uchun, Turkiya, Rossiya va Eron 2017 yilning 4-5 may kunlari Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan so‘ng Suriyada to‘rtta deeskalatsiya zonasi tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishgan, shundan uchtasi keyinchalik Bashar Asad rejimi nazoratiga o‘tgan. Mazkur zonalar Sharqiy Gutada (Damashq chekkasida), Xoms viloyati shimolidagi ba’zi hududlarda va Idlib viloyatida joylashgan. 2020 yil 5 mart kuni Turkiya va Rossiya Moskvada Idlib bo‘yicha yangi shartnoma imzolagan.
Live
Barchasi