Ishtahalar karnay. Rossiya Kiyevning yana bir rejasiga qarshi bo‘lmoqda
Olam
−
13 may 2022
23689Rossiya Ukrainaning YeIga kirishi zararsizligi borasida shubhalanmoqda. Bu haqda bugun, 13 may kuni Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ma’lum qildi.
“Bu Kiyevning Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlaridagi muammo. Lekin Kiyevning istagi zararsizligi jiddiy shubhalarni keltirib chiqarmoqda”, degan u Dushanbeda jurnalistlarga Ukrainaning YeIga kirish niyatini izohlar ekan.
Vazirning iddaosicha, “YeI konstruktiv iqtisodiy platformadan o‘z ambitsiyalarini Yevropa qit’asi chegaralaridan ancha uzoqda e’lon qilayotgan tajovuzkor, jangari o‘yinchiga aylangan”.
Rossiya Federatsiyasining BMTdagi vakilining birinchi o‘rinbosari Dmitriy Polyanskiy Britaniyaning UnHerd News internet-nashriga bergan intervyusida Kiyevning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish istagi masalasida Rossiyaning pozitsiyasi o‘zgarganini hamda Ukrainaning NATOga kirishi haqidagi pozitsiyaga yaqinlashib qolganini aytdi, chunki Moskva endi ikki tashkilot orasida “farq ko‘rmayapti”.
Ma’lumot uchun 9 may kuni Ukraina Yevropa Ittifoqiga tashkilotga a’zolikka nomzod maqomini olish uchun zarur bo‘lgan anketaning to‘ldirilgan ikkinchi qismini topshirgani ma’lum bo‘ldi.
Qayd etish kerakki, Rossiya Ukraina “maxsus operatsiya” deb nomlangan harbiy harakatlarni rasmiy Kiyevning NATOga qo‘shilmoqchi bo‘lgani uchun ham boshlaganini aytgandi. Ammo bu vaj aks ta’sir berib, uzoq yillar betaraf bo‘lib kelgan Shvetsiya va Finlyandiyaning NATOga kirish harakatini boshlashiga sabab bo‘ldi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi