Ilhom Aliyev Qorabog‘da harbiy harakatni to‘xtatish uchun yagona shartini aytdi

Olam

image

Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘da harbiy harakatlarni to‘xtatishga tayyor, agarda Armaniston ham shunday qilsa. Bu haqda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev “Figaro” gazetasiga bergan intervyusida ma’lum qildi.

“Biz harbiy harakatlarni bugunoq to‘xtatishga tayyormiz. Men bu haqda 10 oktyabr kuni Moskvadagi muzokaralar vaqtida aytib o‘tdim. Faqatgina Armaniston o‘t ochishni to‘xtatishi kerak. Keyin esa diplomatlar harakatga o‘tishi kerak”, degan Aliyev.

U Armaniston YeXHTning Minsk guruhi hamraislari – Rossiya, Fransiya, AQSH tomonidan belgilangan mojaroni hal qilish tamoyillarini tan olishi kerakligini ta’kidladi. Prezident Ozarbayjon allaqachon u tamoyillarni qabul qilganini qayd etdi.

“Shundan so‘ng, biz muzokaralar stoliga qaytamiz”, degan Ilhom Aliyev.

Ozarbayjon yetakchisi Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan bu lavozimga kelgach, o‘zining ig‘voli bayonotlari va harbiy provokatsiyasi bilan tinchlik jarayonini barbod qilganini qo‘shimcha qildi.

“O‘ylashimcha siyosiy barqarorlikka erishish vaqti keldi”, dedi Aliyev Qorabog‘ning kvo statusi va eski qarama-qarshilik chizig‘i yo‘q qilinganini va yangi reallik yuzaga kelganini ta’kidlab.

Ma’lumot uchun, Ilhom Aliyev avvalroq Qorabog‘da tinchlik o‘rnatish uchun Armaniston bosib olgan hududlarini tashlab ketishi kerakligini talab qilgandi.

Eslatib o‘tamiz, Ozarbayjon va Armaniston Rossiya vositachiligida sulhga erishdi. Ammo bu sulhning umri bir necha soat davom etdi. Keyinroq, tomonlar yana o‘t ochishni to‘xtatishga qaror qildi. Bu safar ham bu rejim uzoqqa bormadi.

Rasmiy Bakuga ko‘ra, Armaniston Qurolli Kuchlari joriy yilning 27 sentyabr kuni soat 06:00 dan boshlab Ozarbayjonga qarshi keng ko‘lamli provokatsiyalarni amalga oshirdi, butun front bo‘ylab Ozarbayjon armiyasining pozitsiyalarini, shuningdek, oldingi chiziq zonasida joylashgan aholi punktlarini o‘qqa tutdi.

Armaniston hujum Ozarbayjon qurolli kuchlari tomonidan boshlanganini aytmoqda. Ozarbayjon esa qurolli to‘qnashuvga nisbatan javob hujumlari boshlaganini rasman e’lon qilib, Armaniston chegarasidagi tinch aholi vakillarini chegara hududlaridan chetga chiqishlarini so‘radi.

Holat bo‘yicha Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev xalqqa murojaat bilan chiqib, to‘qnashuv Ozarbayjonning provokatsiyasi emasligini aytdi.

Nikol Pashinyan esa mamlakatda harbiy holat va umumiy safarbarlik e’lon qildi.  Buning ortidan Ilhom Aliyev mamlakatda harbiy holat va komendantlik soati e’lon qilish haqidagi farmonga imzo chekdi. Shuningdek, Aliyev 28 sentyabr kuni qisman safarbarlik e’lon qilish haqidagi hujjatni imzoladi

Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida keskinlik avj olgandan keyin Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ikki mamlakat Tashqi ishlar vazirlari bilan telefon orqali muloqot qilib, ularni muzokaralar stoliga qaytishga chaqirgan edi. Prezident Vladimir Putin esa Nikol Pashinyan bilan muloqot qilib, masalani tinch yo‘l bilan hal etishni tavsiya qildi. Bu orada Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev asosiy kuch va dastakni Turkiya Respublikasidan olayotgani ma’lum bo‘ldi. Shu kuni Turkiya va Ozarbayjon Prezidentlari telefon orqali muloqot qildilar va Erdo‘g‘an turk xalqi va davlati Ozarbayjonni bor imkoniyati bilan qo‘llab-quvvatlashini eslatdi

Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi Tog‘li Qorabog‘ mojaroli zonasidagi vaziyat ko‘p jihatdan Rossiyaga bog‘liq. Rossiya Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi, shuningdek Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Minsk guruhining hamraisi. 1 oktyabr kuni guruh hamraislari – AQSH, Rossiya va Fransiya Tog‘li Qorabog‘ masalasida qo‘shma bayonot e’lon qildilar


Maqola muallifi

Teglar

Qorabog' to'qnashuvi

Baholaganlar

124

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing