Guterrish Kulebaga qo‘ng‘iroq qildi
Olam
−
05 aprel 2022
7040Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish Ukrainaga Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba bilan mamlakatdagi gumanitar vaziyatni muhokama qildi. Bu haqda tashkilot Bosh kotibi matbuot xizmati tarqatgan bayonotda aytiladi.
Hujjatda ta’kidlanganidek, Guterrish va Kuleba o‘rtasidagi telefon suhbatida Ukrainadagi xavfsizlik va inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat tilga olingan.
“Bosh kotib Tashqi ishlar vaziriga favqulodda vaziyatlarda yordam ko‘rsatish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi (BMT Bosh kotibining gumanitar masalalar bo‘yicha o‘rinbosari) Martin Griffitsning Moskva va Kiyevga tashrifi maqsadlari haqida ma’lumot berdi”, deyiladi xabarda.
BMT Bosh kotibining matbuot xizmati, shuningdek, u insonparvarlik maqsadlarida sulh o‘rnatish va Ukraina xalqini qo‘llab-quvvatlashga sodiqligini yana bir bor tasdiqlaganini urg‘ulagan.
Avvalroq Rossiya mudofaa vaziri o‘rinbosari Aleksandr Fomin Moskvada Martin Griffits bilan uchrashuv o‘tkazgan, unda Ukrainadagi vaziyat muhokama qilingan edi. Fomin BMTning Gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi vakillari bilan hamkorlikda muvaffaqiyatli ish olib borayotganini ma’lum qildi. Mudofaa vazirligida ta’kidlanganidek, Griffits dunyoning inqirozli mintaqalarida murakkab gumanitar muammolarni hal qilish uchun bunday aloqalar muhimligini ta’kidlagan.
“Bucha qirg‘ini”
Joriy yilning 1 aprel kuni Bucha meri Anatoliy Fedoruk Ukraina harbiylari rossiyalik bosqinchilarni chiqarib yuborganini tasdiqladi. Chekingan ruslar fuqarolik inshootlarini, infratuzilma ob’ektlarini va aholi punkti ichidagi ba’zi hududlarni minalagan.
Ozod qilingan shaharda ukrainalik harbiylar hududni diversantlar va rossiyalik sheriklardan tozalashga kirishgan.
2 aprel oqshomida Ukraina Mudofaa vaziri o‘rinbosari Anna Malyar butun Kiyev viloyati rus bosqinchilaridan ozod qilinganini ochiqladi.
Shundan so‘ng bosqinchilarning vahshiyliklari haqida ma’lumotlar paydo bo‘la boshladi. Ruslar odamlarni o‘ldirgan va zo‘rlagan, haqorat qilgan va qiynoqqa solgani aytildi. Dmitriy Komarov Buchadan dahshatli kadrlarni ko‘rsatdi va aholi nonni ko‘rganda shunchaki yig‘layotganini aytdi. Keyinchalik tarmoqda paydo bo‘lgan Buchadan olingan hayratlanarli fotosuratlarda bog‘langan odamlar o‘ldirayotgani ma’lum bo‘ldi. Ukrainaliklar ommaviy qabrlarga dafn qilingan. Ba’zi jasadlar ko‘chalarning o‘rtasida qolgan.
Bucha voqealari haqiqati oshkor bo‘lgach, dunyo davlatlari uni qoraladi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketini ishlab chiqishni boshladi.
Rossiya Mudofaa vazirligi Buchadagi voqealarni Moskvaga qarshi provokatsiya va sahnalashtirilgan deb atadi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi