G‘arb Rossiyaning ikkita zaif nuqtasiga zarba berishi kerak – NYT

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni rossiyalik oligarxlar taqdiri qiziqtirmaydi, shuning uchun ularga qarshi sanksiyalar kutilgan samarani keltirmayapti. “The New York Times” tahlilchisi Eylin O’Konnor shunday fikr bildirdi.

U G‘arbga Rossiyadagi hayotning mohiyatini tushunmasliklarini eslatgan. Oligarxlarning ulkan boyliklari ularning siyosiy kuchga ega ekanligini va Kremlning harakatlarini o‘zgartirishi mumkinligini anglatmaydi. Rossiyada xususiy mulk huquqi va xolis qonuniy hokimiyat yo‘q, shuning uchun barcha milliarderlar oxirigacha rasmiy Moskvaga bog‘liq bo‘lib qolishadi.

Tarix Putinga qarshi chiqishga jur’at etganlar hamma narsadan ayrilganini biladi. 2000-yillarning boshlarida Mixail Xodorkovskiy Rossiyadagi eng boy odam edi. Biroq, 2003 yilda u hukumat korrupsiyasini tanqid qilishga jur’at qildi. Natijada u barcha mol-mulkini yo‘qotdi va 10 yil qamoqda o‘tirdi. Ozodlikka chiqqanidan keyin u Rossiya Federatsiyasini tark etishga majbur bo‘ldi.

Qayd etilishicha, oligarxlar bu saboqni yaxshi o‘rganishgan va endi ular o‘z fikrlarini ochiq aytishga jur’at etmaydilar.

“Biroq, Putin rejimining hali ham ikkita zaif tomoni bor: neft va Qurolli Kuchlar”, deyiladi maqolada.

Rossiyaning neft va gaz sektori mamlakat federal byudjeti daromadlarining 40 foizini va mamlakat eksportining 60 foizini ta’minlaydi. Shuning uchun ham Jo Baydenning neft importini taqiqlovchi sanksiyalarga e’tibor qaratishi muhim. Biroq, ekspertlar AQSHning Rossiyadan energiya resurslar importi kamligi uchun buni ramziy ma’noga ega deb hisoblaydi.

“The New York Times” maqolasida Yevropa Rossiya energetikasiga qaramlikni kamaytirishga ko‘proq e’tibor qaratishi, shuningdek, Hindiston va Xitoyning Rossiyaga qarshi sanksiyalarni qo‘llab-quvvatlash borasida muzokaralar olib borishi kerakligi ta’kidlangan.

Qayd etilishicha, RF Qurolli Kuchlarini to‘xtatish uchun texnologiyaga eksportini cheklash kerak. Ruslarda dala razvedka ma’lumotlarini yig‘ish uchun zarur bo‘lgan apparat va dasturiy ta’minot juda tanqis. Bundan tashqari, ular ushbu razvedkadan foydalanish uchun aloqa tizimlariga ega emas. Shuningdek, ruslarda qo‘shinlarni oziq-ovqat va gaz bilan ta’minlashning murakkab tizimi yo‘q, bu Ukrainadagi urush paytida o‘rtaga chiqqan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

48

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing