Fuqaroni himoya qilaman deb, pichoqlangan “uchastkoviy”, “Kapitalbank” aksiyalariga ega bo‘lgan Usmonov, yarim himoyachilarini yo‘qotgan PSJ... Bugun nimalar bo‘ldi?
Jamiyat
−
26 noyabr 2021
7302Jamiyat
Farg‘onada bog‘chadan jasad topildi
Joriy yilning 20 noyabr kuni Farg‘ona viloyatining Qo‘shtepa tumanidagi bolalar bog‘chasidan jasad topilgan. Bu haqda tuman hokimining “Baxtsiz hodisa sabablarini o‘rganish yuzasidan tuman komissiyasini tasdiqlash haqida”gi qarorida aytilgan.
Tuman IIB bergan ma’lumotga ko‘ra, jasad soat 07:00 larda Qo‘shtepa tumani “Qo‘rg‘oncha” mahalla fuqarolar yig‘ini Paxtaobod ko‘chasida joylashgan 27-maktabgacha ta’lim tashkiloti binosida bir nafar fuqaroning jasadi topilgan.
Shundan so‘ng, joriy yilning 20 noyabr kuni Qo‘shtepa tumanidagi maktabgacha ta’lim tashkilotida qorovul vazifasini o‘tab kelgan L.I. MTT hududidagi qorovulxonada vafot etgan holda topilgani aniqlangan.
Sudga oid tibbiy ekspertizaning dastlabki xulosasiga ko‘ra, uning o‘limiga o‘tkir yurak qon tomir yetishmovchiligi va is gazidan o‘tkir zaharlanish sabab bo‘lgan.
Namanganda fuqaroni himoya qilgan “uchastkoviy” pichoqlandi
Namangan viloyatining Chortoq tumanida pul oldi-berdisi sabab janjallashgan fuqarolarni to‘xtatishga uringan profilaktika inspektori pichoqlandi.
Ma’lum qilinishicha, o‘tgan yilning dekbr oyida tanishiga 4,5 mln so‘m qarz bergan fuqaro sal kam 1 yil davomida o‘z pullarini qaytarib ololmagani bois Chortoq tumani IIBga murojaat qilib, pullarini undirib berishni so‘ragan.
Profilaktika katta inspektori kapitan Obid Botirov ariza muallifi bilan ko‘rsatilgan manzilga borib vaziyatni tushuntiradi. Qarzdorga u IIBga borishi aytilgach, fuqaro xonadoniga kirib ketadi va birozdan so‘ng oshxona pichog‘ini olib chiqib, arizachiga tashlanib ketadi. Pichoq esa fuqaroga emas, uni himoya qilishga uringan profilaktika inspektoriga sanchiladi.
Uch nafar deputat daxlsizlik huquqidan mahrum qilindi
Jizzaxda uch nafar deputat daxlsizlik huquqidan mahrum qilindi. Endi ular javobgarlikka tortilishi mumkin. Bu haqda Xalq deputatlari Baxmal tumani Kengashining tegishli qarorlari qabul qilingan.
Bu bo‘yicha tuman prokuraturasi tomonidan kiritilgan taqdimnomalar hamda xalq deputatlari Baxmal tumani Kengashining “Reglament va deputatlik odobi masalalari bo‘yicha” doimiy komissiyaning tegishli qarorlari inobatga olingan.
Shavkat Mirziyoyev Putinga hamdardlik bildirdi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiyaning Kemerevo viloyatidagi “Listvyajnaya” konida sodir bo‘lgan portlash oqibatida insonlar qurbon bo‘lgani munosabati bilan mamlakat Prezidenti Vladimir Putinga ta’ziya yo‘lladi.
Davlat rahbari halok bo‘lganlarning oila a’zolariga chuqur hamdardlik izhor etib, jarohatlanganlar tez fursatda shifo topishini tiladi.
DXX fuqarodan 1,5 mln dollar talab qilgan hokimlik mansabdorini ushladi
Toshkent shahri va Toshkent viloyatida noqonuniy yer savdosi bilan bog‘liq holatlar aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahar Olmazor tumani hokimligining mansabdor shaxslaridan biri noqonuniy daromad olish maqsadida, 1978 va 1980 yillarda tug‘ilgan ikki nafar fuqaro bilan kelishgan holda, tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan shaxsning ishonchiga kirgan.
Unga plastik trubalar ishlab chiqaruvchi zavod qurishi uchun yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali Toshkent viloyatining Zangiota tumani hududidan 12 gektar yer maydoni olib berish evaziga 1 mln. 560 ming AQSH dollari talab qilishadi.
Samarqandda 13 yoshli maktab o‘quvchisi 25 haftalik homilador ekani aytilmoqda
Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqandda 13 yoshli maktab o‘quvchisi 25 haftalik homilador ekani aytilgan xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Samarqand viloyati IIB Axborot xizmatining ma’lum qilishicha, Samarqand shahar bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan fuqaro F.D.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 128-moddasi (O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Usmonovning kompaniyasi “Kapitalbank” aksiyalarini sotib oldi
Asli kelib chiqishi o‘zbek bo‘lgan rossiyalik milliarder Alisher Usmonovga tegishli “USM Holding” kompaniyasining sho‘’ba korxonasi bo‘lgan “Telekominvest” “Kapitalbank”ning 215,3 milliard so‘mlik aksiyalarini sotib oldi. Bu haqda bank Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Alisher Usmonovga tegishli “Telekominvest” “Kapitalbank”ning 65 million 973 ming 307 dona aksiyasini sotib olgan. Aksiyalarning umumiy qiymati 215,3 milliard so‘mni tashkil etgan.
Asakada 9 yashar qizni o‘ldirishda ayblangan qo‘shni ayol qamaldi
Andijonda ayol to‘qqiz yashar qo‘shni Q.I.ning (qiz bola) qotilligida aybdor deb topilib, 12 yil 4 oyga qamaldi. Bu haqda Bosh prokuratura Matbuot kotibi ma’lum qildi.
Oliy sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasi A.X.ni Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi va boshqa moddalar bilan aybli deb topib, unga nisbatan uzil kesil 12 yil 4 oy 24 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Jazoni o‘tash muddati joriy yilning 25 noyabridan boshlab hisoblanishi, A.X. darhol sud zalidan qamoqqa olinishi belgilangan. Shuningdek, sudlanuvchi A.X.dan jabrlanuvchi D.A. foydasiga 43 102 840 so‘m undirish belgilangan.
Nahotki, nahotki? Bugundan “zapravka”larda benzin arzonlashadi
Bugun, 26 oktyabrdan boshlab AI-80 markali avtomobil benzining narxi arzonlashadi. Bu haqda “O‘zbekneftegaz” AJ Matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, bugun soat 21:30 dan “O‘zbekneftegaz”ning Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi barcha AYOQSH larda AI-80 markali avtomobil benzini 6 890 so‘mdan sotuvga chiqadi.
Olam
Favqulodda yig‘ilish: JSST yangi koronavirus shtammini muhokama qiladi
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bugun, 26 noyabr kuni Janubiy Afrika va Botsvanada tarqalagan COVID shtammini muhokama qilish uchun favqulodda yig‘ilish o‘tkazadi. Bu haqda “Financial Times” manbalarga tayanib xabar bergan.
Bundan avval, Buyuk Britaniya olimlari Botsvanada 32 ta mutatsiyani o‘z ichiga olgan koronavirus shtammi paydo bo‘lgani haqida ogohlantirgandi. Ko‘pgina mutatsiyalar uning yuqori o‘tkazuvchanligi va vaksinalarga chidamliligini ko‘rsatadi.
Keyinchalik Janubiy Afrika Yuqumli kasalliklar milliy instituti ham yangi shtamm Janubiy Afrikada topilganini tasdiqladi — hozirgacha 22 ta holat.
AQSH “boshqalarning qo‘li” bilan urush boshlamoqchi – Lukashenko
AQSH Polsha, Boltiqbo‘yi davlatlari, Ukraina va Belarus chegarasidagi migratsiya inqirozidan foydalanib, urush boshlamoqchi. Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko shunday fikr bildirdi.
“Ular bu kambag‘al qochqinlardan, bu jarayondan foydalanishga harakat qilmoqda. Ularning maqsadi ko‘rinib turibdi, ochiqchasiga aytishmoqda: NATOni jalb qilish. NATO nimani anglatadi? Urushni boshlash. Ular bizni qo‘zg‘atmoqda. Bu Yevropaga kerak emas, Yevropa buni istamaydi, Yevropa urushni xohlamaydi. Bu urush kimga kerak? Amerikaliklarga”, degan Lukashenko.
Interpolga yangi prezident saylandi. U qiynoqlarda ayblangan
Interpolga Birlashgan Arab Amirliklaridan bo‘lgan general-mayor Ahmad Nosir ar-Raisi saylandi. Tegishli qaror tashkilotning Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan Bosh assambleyasining 89-sessiyasida qabul qilindi.
“Birlashgan Arab Amirliklaridan bo‘lgan janob Ahmad ar-Raisi prezident etib saylandi (to‘rt yilga)”, deyiladi tashkilotning Twitter sahifasidagi bayonotda. 2018 yildan beri Interpol prezidenti lavozimini janubiy koreyalik Kim Chjon Yan egallab keladi.
Qirg‘izistonda davlat to‘ntarishiga tayyorlangan qurolli guruh qo‘lga olindi
Qirg‘izistonda hokimiyatni kuch bilan egallab olishga urinish bostirildi. Bu haqda Respublika Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi matbuot markazi ma’lum qildi.
“Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda mamlakatda hokimiyatni zo‘ravonlik yo‘li bilan egallab olishni rejalashtirgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘ydi”, deyiladi xabarda.
Sport
Italiya braziliyalik futbolchilarni mahalliylashtiradi
Italiya futbol federasiyasi prezidenti Gabriel Gravina 2022 yilning mart oyida o‘tkazilishi kutilayotgan Jahon chempionati pley-off bosqichiga uch nafar braziliyalik futbolchini milliy terma jamoaga qabul qilish niyatida ekanligini malum qildi.
Ular “Latsio” himoyachisi Luis Felipe, “Roma” markaziy himoyachisi Rojer Ibanes va “Kalyari” hujumkor yarim himoyachisi Joau Pedro hisoblanadi.
Dzyudo bo‘yicha “Katta Dubulg‘a” turniri: O‘zbekiston birinchi kunni medalsiz yakunladi
Bugun, 26 noyabr kuni BAA poytaxti Abu-Dabi shahrida dzyudo bo‘yicha “Katta Dubulg‘a” turkumiga kiruvchi musobaqa boshlandi.
Turnirning birinchi kunida tatamiga ko‘tarilgan O‘zbekiston terma jamoasi vakillarining ishtiroki omadsiz yakunlandi. 66 kg vazndagi dzyudochi Dilshodbek Yo‘ldoshev bronza medali uchun o‘tish bahsida Mo‘g‘uliston vakili Basxau Yondonperenleyga qarshi tatamiga chiqdi va imkoniyatni boy berdi. U ikkinchi davrada ruminiyalik Lucian Dumitrescuni qo‘shimcha daqiqalarda og‘ritish usuli bilan mag‘lubiyatga uchratgan edi. Biroq chorak finalda ukrainalik Bogdan Yadovga qo‘shimcha daqiqalarda imkoniyatni boy bergan.
PSJ asosiy yarim himoyachilarini yo‘qotdi
PSJ yarim himoyachilari Ander Errera va Marko Verratti jarohati sababli safdan chiqdi. Bu haqda “L’Equipe” nashri xabar berdi.
29 yoshli Verratti Verratti UEFA Chempionlar ligasi 5-turidan o‘rin olgan “Manchester Siti”ga qarshi o‘yinda (1:2) zahirada qoldirilgan bo‘lsa-da, jarohidan to‘liq tiklanishga ulgurmagani ma’lum bo‘ldi. Futbolchining son suyak mushaklari shikastlangan. U uch hafta maydonga tushmaydi.
LiveBarchasi