Asakada 9 yashar qizni o‘ldirishda ayblangan qo‘shni ayol qamaldi
3-sahifa
−
26 noyabr 2021
14026Andijonda ayol to‘qqiz yashar qo‘shni Q.I.ning (qiz bola) qotilligida aybdor deb topilib, 12 yil 4 oyga qamaldi. Bu haqda Bosh prokuratura Matbuot kotibi ma’lum qildi.
Oliy sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasi A.X.ni Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi va boshqa moddalar bilan aybli deb topib, unga nisbatan uzil kesil 12 yil 4 oy 24 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Jazoni o‘tash muddati joriy yilning 25 noyabridan boshlab hisoblanishi, A.X. darhol sud zalidan qamoqqa olinishi belgilangan. Shuningdek, sudlanuvchi A.X.dan jabrlanuvchi D.A. foydasiga 43 102 840 so‘m undirish belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning 21 iyun kuni Asaka tumanida 9 yoshli qizning murdasi o‘z uyida qotillik alomatlari bilan topilgandi. Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari Bosh prokuraturaning O‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi tomonidan olib borilgan.
Tergov fuqaro A.X. 2020 yil 21 iyun kuni qo‘shnisi D.A. istiqomat qiladigan uyga o‘g‘rilik maqsadida kirgani va u yerdan pul olganiga guvoh bo‘lgan, yosh bola Q.I.ning tanasiga bir necha marotaba pichoq bilan jarohat yetkazib, uni qasddan o‘ldirganini aniqlagan.