Fransiya yana yotgan ilonning boshini qo‘zg‘ayapti – Baku
Olam
−
04 Oktabr 2023
8936Fransiyaning Armanistonni qurollantirishga urinishlarini nomaqbul xatti-harakatdir, chunki bu mintaqada xavfsizlikka tahdid soladi. Bu haqda Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi tomonidan tarqatilgan bayonotda so‘z borgan.
“Fransiyaning Armanistonni har tomonlama qurollantirish, uni yana tajovuz va harbiy avanturaga tortish istagi qabul qilinishi mumkin emas. Fransiya tushunishi kerakki, bu harakatlar, shuningdek, tarixan bizning mintaqamizga aralashishga urinishlar barbod bo‘ladi”, deyiladi TIV bayonotida.
Gap shundaki, Fransiya Tashqi ishlar vaziri Katrin Kolonnaning Yerevanda armanistonlik hamkasbi Ararat Mirzoyan bilan uchrashuv yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida Fransiya Armaniston bilan harbiy yordam yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolashga tayyor ekanini aytgan edi.
Baku Kolonnaning armanlarning Qorabog‘dan majburan ko‘chirilishi haqidagi so‘zlarini keskin qoralab, bu gaplar xalqaro hamjamiyatni chalg‘itishga qaratilganini ta’kidladi. Sharhda, shuningdek, Parijning Armanistonni qo‘llab-quvvatlashda davom etishi haqidagi bayonotlari Fransiya tomonidan 30 yil davomida uning neytral va mustaqil vositachi ekanligi haqidagi da’volarining mutlaqo asossizligini yana bir bor isbotlashi qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 19 sentyabriga o‘tar kechasi Qorabog‘da Armaniston Qurolli kuchlarining qo‘poruvchi-diversiv guruhi tomonidan o‘rnatilgan tankka qarshi mina portlab ketishi ortidan olti nafar ozarbayjonlik halok bo‘lgandi. O‘sha kuni Baku “mahalliy aksilterror choralari” boshlanganini e’lon qildi va arman harbiylarini mintaqadan olib chiqib ketishni talab qildi. Yerevan Qorabog‘da arman Qurolli kuchlari yo‘qligini ta’kidlab, sodir bo‘layotgan voqealarni “keng ko‘lamli tajovuz” deb atadi. 20 sentyabr kuni Ozarbayjon Mudofaa vazirligi Qorabog‘da aksilterror tadbirlarini to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qildi. 28 sentyabr kuni xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi uning rahbari Samvel Shahramanyan tomonidan imzolangan farmon bilan tugatildi. Shundan so‘ng, Armaniston Qorabog‘dagi armanlarga nisbatan irqiy kamsitishlar ayblovi bilan Ozarbayjonga qarshi Gaaga xalqaro arbitraj sudiga da’vo arizasi kiritdi. Ozarbayjon tomoni mazkur holatga izoh berib, da’voning asossiz va bema’ni ekanini bildirdi. 29 sentyabr kuni Ozarbayjon BMT missiyasini Qorabog‘ga taklif qildi va BMT delegatsiyasi tan olinmagan va tugatilgan Tog‘li Qorabog‘ga bordi.