Facebook va Instagram’da Putinni o‘limga chaqirishga ruxsat berildi
Olam
−
11 mart 2022
21789Amerikaning Meta kompaniyasi Rossiyaning Ukrainaga hujumi munosabati bilan Facebook va Instagram’da rossiyalik harbiylarga qarshi zo‘ravonlik chaqiriqlariga vaqtincha ruxsat berdi, biroq rossiyalik tinch aholiga nisbatan zo‘ravonlikka chaqiruvlar taqiqlangan.
“Biz odatda qoidalarimizni buzadigan siyosiy ifoda shakllariga, jumladan, “rus bosqinchilariga o‘lim” kabi ritorikaga vaqtincha ruxsat berdik. Rossiyalik tinch aholiga nisbatan zo‘ravonlikka chaqiriqlarga yo‘l qo‘ymaymiz”, deb yozgan Meta vakili Endi Stoun Twitter’dagi sahifasida.
Bundan avval “Reuters” agentligi kompaniyaning ichki pochta ro‘yxatiga tayanib, ba’zi mamlakatlarda Facebook va Instagram foydalanuvchilarining Rossiya fuqarolari va ayniqsa, harbiylariga nisbatan zo‘ravonlik qilish haqidagi chaqiriqlarini bloklamasligi haqida xabar bergan. Kompaniya siyosatidagi o‘zgarishlar Armaniston, Ozarbayjon, Vengriya, Gruziya, Latviya, Litva, Polsha, Rossiya, Ruminiya, Slovakiya, Ukraina va Estoniyaga tegishli.
Ma’lumotlarga ko‘ra, kompaniya Polsha, Rossiya va Ukrainada Vladimir Putin va Aleksandr Lukashenkoga nisbatan o‘limga chaqiruvlarni ham vaqtincha o‘chirib tashlamaydi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr