Erdo‘g‘an Putinga uch tomonlama muzokara o‘tkazishni taklif qildi

Olam

image

Rossiya yuklarning dengiz orqali tranzitiga va Ukraina portlaridan bug‘doyni xavfsiz olib ketishga yordam berishga tayyor. Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan telefon orqali muloqot chog‘ida aytib o‘tdi, deb xabar bergan Kreml.

“Ukrainadagi vaziyatni muhokama qilishda asosiy e’tibor Qora va Azov dengizlarida xavfsizlikni ta’minlash, ularning suvlarida mina xavfini bartaraf etish masalalariga qaratildi”, deyiladi xabarda.

Putin, shuningdek, agar sanksiyalar bekor qilinsa, Rossiya “katta hajmdagi o‘g‘itlar va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini” eksport qilishi mumkinligini tasdiqlagan. RF Prezidenti jahon oziq-ovqat bozoridagi muammolarni “G‘arb davlatlarining uzoqni ko‘rmay olib borgan moliyaviy va iqtisodiy siyosati” bilan bog‘lagan.

O‘z navbatida, Erdo‘g‘an Putinga Rossiya, Ukraina va BMT delegatsiyalari uchrashuvini o‘tkazish taklifini bildirgan. U muzokara maydoni sifatida Istanbulni taklif qilgan. Turkiya rahbari Rossiya va Ukraina o‘rtasida imkon qadar tezroq tinchliki o‘rnatish kerakligini qo‘shimcha qilgan.

Turkiya Prezidenti bilan Suriyadagi vaziyat haqida ham gap ochgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, PKK/YPG terror tashkiloti tomonidan Turkiya va Suriya tinch aholisiga qarshi hujumlar davom etmoqda.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

13

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing