Erdo‘g‘an Putin va Zelenskiy bilan “don yo‘lagi” bo‘yicha muzokara o‘tkazadi
Olam
−
13 iyun 2022
6777Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an joriy haftada Rossiya va Ukraina yetakchilari Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiy bilan muzokaralar o‘tkazadi. Maslahatlashuvlar mavzusi Ukraina qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini dengiz orqali eksport qilish uchun xavfsiz yo‘lak yaratish loyihasini amalga oshirish bo‘ladi. Bu haqda Erdo‘g‘an Turkiya sharqidagi Van shahrida yoshlar bilan uchrashuvda aytib o‘tdi.
“Keyingi hafta biz Putin va Zelenskiy bilan muzokaralar olib borib, “don yo‘lagi” masalasida qanday qadamlar qo‘yishimizni muhokama qilamiz”, degan Turkiya rahbari.
Shu bilan birga, u hozirda Turkiyada g‘alla bilan bog‘liq muammolar yo‘qligini ta’kidlagan. Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, mamlakat omborlarida 5 million tonna bug‘doy bor, biroq Turkiya rasmiylari bu hajmlarni oshirmoqchi.
Prezident Erdag‘an, Egey va Sharqiy O‘rtayer dengizida Afinaning provokatsion va tajovuzkor harakatlari tufayli yuzaga kelgan tarang vaziyatga ham izoh bergan.
Rossiya “maxsus operatsiya”si boshlanganidan so‘ng, Ukraina Qora dengiz shimoli-g‘arbida kemalar qatnovi to‘xtatilganini e’lon qildi. AQSH hisob-kitoblariga ko‘ra, mojaro paytida Ukraina portlarida 20 million tonnadan ortiq don yig‘ilib qolgan. Ukraina rasmiylari Rossiyani kemalarning harakatiga to‘sqinlik qilishda ayblamoqda, BMT Moskvani bandargohnlarni ochishga chaqirdi va don eksporti tiklanmasa dunyoda oziq-ovqat inqirozi yuz berishidan ogohlantirdi.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 8 iyun kuni Rossiya va Turkiya Tashqi ishlar vazirlari Sergey Lavrov va Mevlud Chavusho‘g‘li Anqarada bo‘lib o‘tgan muzokaralarda “don yo‘lagi” yaratish masalasini muhokama qildi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin avvalroq Kiyev o‘z portlarini minalardan tozalasa, Moskva Ukraina donini olib ketayotgan kemalarning to‘siqsiz o‘tishini kafolatlashini, Berdyansk va Mariupol kabi Rossiya nazoratidagi ukrain portlari orqali tovarlar eksport qilinishini ta’minlashi mumkinligini aytdi. U jahon oziq-ovqat bozoridagi muammolar 2020 yil fevral oyida boshlanganini eslatib, Rossiyaning Ukraina portlarida donni to‘sib qo‘ygani haqidagi bayonotlarni “blef” deb atadi.
Shuningdek, joriy yilning 2 iyun kuni Rossiya, Turkiya, Ukraina va BMT Ukraina portlaridan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish uchun xavfsiz yo‘lakning ishlashini ta’minlaydigan yo‘l xaritasi – Istanbul rejasini tayyorladi.
Istanbuldagi muvofiqlashtirish markazining ishga tushirilishi Ukraina portlaridan jahon bozorlariga 20 million tonna donni eksport qilish imkonini berishi aytilgan.
Yaqin kunlarda Istanbulda barcha manfaatdor tomonlarning “Yo‘l xaritasi” tafsilotlarini muhokama qilish uchun yig‘ilish o‘tkazishi kutilmoqda. To‘rt tomonlama formatda yo‘nalish, sug‘urta, kema xavfsizligi, portni minalardan tozalash, shuningdek, Qo‘mondonlik markazi tarkibi kabi masalalar ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi