Erdo‘g‘an G‘arbning Ukraina bo‘yicha pozitsiyasiga “tosh otdi”
Olam
−
07 Sentabr 2022
13498G‘arb davlatlari Rossiyaning Ukrainadagi urushi bo‘yicha noto‘g‘ri pozitsiyani egallagan. Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bugun, 7 sentyabr kuni Belgradda Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich bilan qo‘shma matbuot anjumanida shunday fikr bildirdi.
“Turkiya Ukraina va Rossiyaga nisbatan muvozanatli siyosat yurityapti va bundan keyin ham shunday bo‘ladi. Anqara tezroq Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish tarafdori. Biroq hozirgi jarayonlar urush yaqin orada tugamasligidan dalolat beradi”, deydi Turkiya rahbari.
Erdo‘g‘anning ta’kidlashicha, Rossiyani jiddiy qabul qilmaydiganlar – adashadi. Rossiya bunday toifaga kirmaydi.
U, shuningdek, G‘arbning Ukrainadagi vaziyat bo‘yicha pozitsiyasidan ham noroziligini aytgan.
“Men G‘arbning (Rossiya Federatsiyasi va Ukraina o‘rtasidagi urush bo‘yicha) pozitsiyasining noto‘g‘ri ekanligini ochiq aytaman. Chunki G‘arbning harakatlari tomonlarni provokatsiya qilishga asoslangan. Harbiy yordam haqida e’lon qilyapti. Vaholanki, G‘arbda qancha eskirgan qurollar va metallolomlar bo‘lsa, Ukrainaga jo‘natilyapti”, deydi Prezident.
Erdo‘g‘anning ta’kidlashicha, harbiy harakatlarni qo‘zg‘atish siyosati mavjud ekan, tinchlik tashabbuslarining samaradorligi minimal bo‘ladi.
“Aytish mumkinmi, hozir bir tomon g‘alaba qozonmoqda? Yo‘q! Bu urushda g‘oliblar yo‘q, ammo mag‘lublar ko‘p. Ko‘p sonli odamlar nobud bo‘lmoqda, moliyaviy tomoni haqida gapirish o‘rinli emas”, deydi Turkiya rahbari.
Turkiya rahbari G‘arb davlatlariga gaz yetkazib berishni to‘xtatgan Moskvaning munosabatiga e’tibor qaratgan.
“Rossiya gaz yetkazib berishni to‘xtatdi va Yevropada narxlar keskin oshdi. Endi (Yevropa mamlakatlarida) hamma joyda qish mavsumini yengish yo‘llarini qidirmoqdalar. Nega oldin bu haqda o‘ylamadingiz? Axir, Rossiyaning qo‘lida muhim resurs bor. Buning o‘rniga gaz saqlash zaxiralari tahlil qilinmoqda”, deydi Erdo‘g‘an.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi.
LiveBarchasi