“Endi faol urush bo‘lmaydi”. Arestovich Rossiya hujumi qachon tugashini aytdi

Olam

image

Ikki-uch hafta ichida rus harbiylari Donbassga hujumni tugatadi va buning sharofati bilan urushning faol bosqichi tugashi mumkin. Buning sababi, rus armiyasining hujum qilish uchun hech narsasi yo‘q. Bu haqda Ukraina Prezidenti idorasi rahbari maslahatchisi Aleksey Arestovich ma’lum qildi. 

Prezident idorasi rahbari maslahatchisining so‘zlariga ko‘ra, Rossiya armiyasi so‘nggi tezkor zaxiralar bilan kurashishni boshlagan. 

“Ikki, ko‘pi bilan uch hafta o‘tgach, faol faza susayadi. 9 mayga kelib ular qandaydir oraliq g‘alabalarni e’lon qiladi, vazifa bajarilganini aytishadi va muzokaraga kirishishni taklif qilishadi. Qolaversa, ular Donbass xalqini himoya qilganliklari haqida baland ovozda baqirishni boshlaydi, bizni 72 soat ichida denatsifitsikatsiya qilamiz, degan so‘zlarini unutib qo‘yishadi. Shu yerda savol tug‘iladi: muzokaralarga boramizmi yoki yo‘qmi. Chunki xalq bizdan jang qilishni, ularni yo‘q qilishni va yerimizdan quvib chiqarishni talab qilmoqda”, deydi Arestovich. 

Prezident idorasi rahbari maslahatchisiga ko‘ra, Ukrainaning muzokaralardagi pozitsiyasi ancha qattiq va Rossiya bunga rozi bo‘lmasligi mumkin. Biroq, agar Rossiya Federatsiyasi bunga yo‘l qo‘ysa, bu pozitsion urush bo‘ladi. 

“Rossiya vaqti-vaqti bilan qandaydir yarim hujumga o‘tish uchun ko‘proq zaxira to‘plashga harakat qiladi. Avgust oyining oxiriga kelib ular boshqa joyga hujum qilishga urinishi mumkin. Bu sharqdagi operatsiyaga o‘xshaydi va miqyosi bo‘yicha undan ham kichikroq”, deya qo‘shimcha qilgan Arestovich. 

Unga ko‘ra, agar yozda hujum muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, Rossiya Federatsiyasi oktyabr oyida ko‘proq kuch to‘plashga va yangi hujumni boshlashga harakat qiladi. Biroq, hammasi sanksiyalar qanday ishlashiga, yangilari joriy etilishiga va G‘arb yordami Ukrainaga qanday yetkazilishiga bog‘liq. 

“Bu Yangi yilgacha davom etishi mumkin. Biz tushunishimiz kerakki, bu endi faol urush bo‘lmaydi. Asosan pozitsion urush bo‘lib, front chizig‘i bo‘ylab pozitsiyalarni egallashga urinishlar bo‘ladi”, deydi Arestovich.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

42

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing