Elita o‘rtasida qarama-qarshilik yo‘q – Nazarboyev To‘qayev bilan munosabatlariga izoh berdi

Olam

image

Qozog‘iston elitasi o‘rtasida qarama-qarshiliklar yo‘q. Bu haqda mamlakatning Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev xalqqa yo‘llagan murojaatida aytib o‘tdi.

“Prezident Qosim-Jomart To‘qayev to‘liq hokimiyatga ega va u Xavfsizlik kengashi raisi. Tez orada u “Nur-Otan” partiyasi raisi etib saylanadi. Mamlakat elitasi o‘rtasida hech qanday qarama-qarshilik va mojaro yo‘q. Bu boradagi mish-mishlar mutlaqo asossiz”, deydi Nazarboyev.

U murojaati davomida mamlakat tinchligi doim uning bosh maqsadi bo‘lganini ta’kidlagan. 

“Bu bebaho qadriyatimizni asrashimiz kerak. Albatta, bu inqirozdan o‘tamiz va yanada kuchli bo‘lamiz”, degan Elboshi.

Ma’lumot uchun, Nursulton Nazarboyev namoyishlar bostirilganidan keyin yo‘llagan ilk murojaatida mamlakatda hokimiyat to‘lig‘icha Prezident Qosim-Jomart To‘qayevda ekanini qayd etdi.

Avvalroq, "The Guardian" nashri Nazarboyev va To‘qayev Qozog‘istondagi aktivlarni taqsimlash borasida keskin muzokaralar olib borayotganini e’lon qilgandi.

Oxirgi kunlarda Birinchi Prezident Nursulton Nazarboyev va uning oila a’zolari atrofidagi gap-so‘zlar soat sayin ortdi. Bunga hamohang tarzda oxirgi mashmashalar fonida Nazarboyev va oilasi munosabat bildirmadi. Olma-otada esa uning sobiq qarorgohiga o‘t qo‘yildi, haykali ag‘darildi. Murakkab vaziyat biroz tin olgach Nazarboyev yana paydo bo‘ldi. To‘g‘rirog‘i, uning matbuot kotibi Nazarboyevning Nur-Sultondaligini aytib, Elboshi nomidan xalqni Prezident To‘qayev atrofida birlashishga chaqirdi. 

Bundan biroz avval Nazarboyev BAAga ketgani haqida xabarlar tarqalgandi. Elboshining ko‘rinmay qolishi ortidan Rossiya Liberal-demokratik partiyasi raisi Vladimir Jirinovskiy Nazarboyev allaqachon vafot etgan va uni ko‘mib yuborishgan degan taxminni ilgari surgandi.

Avvalroq, Qozog‘iston sobiq Prezidentining kenja qizi Aliya Nazarboyeva Instagram ijtimoiy tarmog‘idagi akkaunti orqali BAAda ekani aniqlangandi. Biroq bundan ko‘p o‘tmay, uning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari o‘chirib tashlangandi.

Ma’lumot uchun, 2019 yil mart oyida Prezident lavozimini Qosim-Jomart To‘qayevga topshirib, Elboshi rutbasini olgan va Xavfsizlik Kengashini boshqarib kelayotgan Nursulton Nazarboyev Qozog‘istondagi namoyishlar avj olishi fonida Xavfsizlik Kengashi boshqaruvini ham qo‘sh qo‘llab Prezident To‘qayevga topshirdi. O‘shandan buyon uning qayerdaligi shubha ostida. Garchi Nazarboyevning atrofidagilar 8 yanvardan boshlab tilga kirib, uning mamlakatda bo‘lib turganini aytayotgan bo‘lsa-da, sobiq Prezident hozirgacha hech yerda ko‘rinish bermadi. Hatto, to‘ng‘ich qizi – deputat Darig‘a Nazarboyeva ham 11-12 yanvar kunlari bo‘lib o‘tgan Parlament yalpi majlisida ishtirok etmagan. Uning koronavirusga chalingani va kasallik sabab ta’tilda ekani aytildi.  

Nazarboyev ko‘rinish bermayotgan bir vaqtda esa uning hatto, sog‘lig‘i haqida mish-mishlar tarqala boshladi. Namoyishlarda esa sobiq Prezidentning Olma-otadagi saroyi yoqib yuborildi, haykali qo‘porib tashlandi. 

Avvalroq, Nazarboyevning kuyovlari: Aliyaning (kenja qizi) turmush o‘rtog‘i Dimash Dosanov “Kaztransoyl” AJ rahbarigidan, Darig‘aning (to‘ng‘ich qizi) turmush o‘rtog‘i Kayrat Sharipbayev “QazaqGaz” milliy kompaniyasi AJ rahbarligidan ketgandi. Bugun, 17 yanvar kuni o‘rtancha qiz Dinaraning turmush o‘rtog‘i Timur Kulibayev “Atameken” milliy tadbirkorlar palatasi prezidiumi raisi lavozimini tark etdi

Eslatib o‘tamiz, Qozog‘istonning sobiq Prezidenti Nursulton Nazarboyevning uzoq yillik hamkori, mamalakat Milliy xavfsizlik qo‘mitasi (MXQ) sobiq raisi Karim Masimov davlatga xiyonat qilish fakti bo‘yicha hibsga olindi. Karim Masimovdan tashqari, MXQ raisining sobiq o‘rinbosari – “A”, Maxsus maqsadli xizmat bo‘limi boshlig‘i A.Sadiqulov va MXQ raisi o‘rinbosari D.Yergojinlar ham qo‘lga olingan.

17 yavanr kuni Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Elboshining jiyani – Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Samat Abishni lavozimidan ozod etish haqidagi hujjatni imzoladi. 


Maqola muallifi

Teglar

Nursulton Nazarboev Qosim-Jomart To'qaev

Baholaganlar

34

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made