“Dushmanimiz — Putin”. Poroshenko Zelenskiy bilan yarashib olganini aytdi
Olam
−
26 mart 2022
11859Ukrainaning sobiq Prezidenti Pyotr Poroshenko va amaldagi Prezident Vladimir Zelenskiy urush boshlanganidan keyin o‘zaro kelishmovchiliklarni bir chetga surib qo‘ygan. Bu haqda Poroshenko “Nastoyaeye vremya”ga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Dunyo 24 fevralgacha — Rossiya Ukrainaga shafqatsizlarcha hujum qilishidan oldin va 24 fevraldan keyin ikkiga bo‘lindi. 24 fevral kuni men darhol janob Zelenskiy bilan uchrashdim, biz qo‘l berib ko‘rishdik, noldan boshlashimizni aytdik, u mening qo‘llab-quvvatlashimga qattiq ishonishi mumkin, chunki hozir bizda bitta dushman bor. Va u dushmanning ismi — Putin. Ikkinchi oy allaqachon boshlandi va shuni aytishim kerakki, biz bu kelishuvlarga, albatta, amal qilamiz, chunki biz Ukraina atrofida birlashganmiz. Hozir hamma askar, urush hammamizni tenglashtirdi”, degan Poroshenko.
Shuningdek, sobiq Prezident Rossiya Prezidenti Vladimir Putin “to‘lagan narx” haqida gapirgan.
“Ukraina janob Putinga qanday syurprizlar keltirganiga qarang. Putin haqiqatan ham Ukraina barqarorligiga ichkaridan putur yetkaza olishiga umid qilgan. Biz unga birorta ham imkoniyat bermaymiz. Ukrainaliklar hozir birlashib, tajovuzkorga qanday qarshi turishni namoyish etib, dunyoni hayratda qoldirdi. 36 soat ichida Kiyevda Rossiya Federatsiyasi bayrog‘ini ko‘tarmoqchi bo‘lgan Putin esa allaqachon juda katta narx to‘ladi. Bu yerga ukrainaliklarni o‘ldirish uchun kelgan 16 450 nafar rus harbiy xizmatchilari, bosqinchilar abadiy qolib ketdi. Ular bu yerda nimani izlashdi? Ikki mingdan ortiq tank va zirhli texnika Ukraina himoyachilari, Ukraina Qurolli kuchlari tomonidan yoqib yuborildi. Yuqorida aytib o‘tganimdek, 240 ta samolyot, bombardimonchi samolyotlar, hujumchi samolyotlar, qiruvchi samolyotlar urib tushirilganidan faxrlanaman”, degan sobiq Prezident.
Eslatib o‘tamiz, Poroshenko Rossiyaning Ukrainaga hujumining ilk kunlarida qo‘lida “Kalashnikov” bilan Kiyev ko‘chalarida ko‘rinish bergandi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi