“Dushman Kiyevga o‘z qo‘g‘irchoqlarini qo‘ymoqchi” – Zelenskiy yana xalqiga murojaat qildi

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Ukraina armiyasi va xalqi “xuddi bosib olingan Donetskdagi kabi Kiyevga qo‘g‘irchoqlar qo‘ymoqchi bo‘lgan Rossiya Federatsiyasi hukumatining rejasini buzgan”ini aytdi. 

Davlat rahbari Facebook ijtimoiy tarmog‘ida videomurojaat qildi. 

“Men bu murojaatni xushxabar bilan boshlashim mumkin: biz omon qoldik! Va biz dushman hujumlarini muvaffaqiyatli qaytaramiz. Davlatimizning ko‘plab shahar va tumanlarida janglar davom etmoqda, lekin biz bilamizki, biz vatanni, yerni, bolalar kelajagini himoya qilamiz. Kiyev va poytaxt atrofidagi muhim shaharlar bizning armiyamiz tomonidan aniq nazorat qilinadi. Bosqinchilar davlatimiz markazini to‘sib, Donetskdagidek qo‘g‘irchoqlarini bu yerga qo‘ymoqchi bo‘ldi. Biz ularning rejasini buzdik. Ular bizdan hech qanday ustunlikka erisha olishmadi”, deydi davlat rahbari. 

Zelenskiyga ko‘ra, Moskva energiya ob’ektlarini yo‘q qilishga harakat qilib, ayor taktikani qo‘llamoqda. 

"Bizning ko‘chalarimizda, Kiyev osmonida, Vasilkovda, Vishgorodda, hatto, uning atrofidagi dalalarda ham Kiyev uchun haqiqiy jang davom etdi. Dushman bizga qarshi hamma narsani ishlatdi: raketalar, qiruvchilar, dronlar, artilleriya, zirhli texnika, diversantlar va desant. Bosqinchilar turar-joy hududlariga raketa artilleriyasidan zarba berishmoqda. Ular energiya ob’ektlarini yo‘q qilishga harakat qilmoqdalar. Ularning juda ayyor taktikasi bor. Raketa va artilleriya tomonidan vayron qilingan turar-joy binolari biz bilan birga bosqinchilikni to‘xtatish uchun dunyoning so‘nggi argumentidir”, deydi Prezident.

Davlat rahbari urg‘ulaganidek, bugun, 26 fevral tongida Rossiya qurolli kuchlari Kiyevdagi ko‘p qavatli uyga raketa bilan hujum qildi. Dahshatli fojiada 6 kishi jarohatlangan, 6 ta xonadon butunlay yo‘q bo‘lib ketgan. 

Rossiyaning Ukrainaga bosqini

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Buning ortidan Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi.

Rus qo‘shinlari dastlab Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirib borganini bildirdi.

Hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay, LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Zelenskiy Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

107

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing