“Dovon” oshgan dollar kursi, O‘FAdagi tayinlovlar, mukofotlangan shifokor va boshqa xabarlar

Jamiyat

Yakuniga yetayotgan 22 iyulning eng muhim voqealarining qisqa tafsiloti bilan tanishing.

XTV ota-onalar uchun yana bir xizmatni ishga tushirdi

Xalq ta’limi vazirligi farzandi maktab yoshiga yetgan ota-onalar  uchun yana bir xizmatni yo‘lga qo‘ydi. Hozircha yangi xizmat Toshkent shahridaги maktablarni qarab olgan. Yangi xizmat – gis.uzedu.uz – ota-onalarga o‘zlarining mikrohududlari va ularning hududlaridagi maktablarni aniqlab olish imkoniyatini beradi.

1 oktyabrdan “doverennost” bekor qilinadi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “O‘zbekiston Respublikasida notariat tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmon loyihasi joylashtirildi.

Loyihaga muvofiq qator bitimlarni majburiy notarial tasdiqlash tartibi bekor qilinishi rejalashtirilmoqda.

Toqeav xushomadga qanday qaraydi?

Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev o‘ziga aytiladigan xushomadlarga ahamiyat bermaydi.

“Menga ko‘p ham xushomadlar bo‘lmaydi. Balki, bu men unga ahamiyat bermasligim bilan bog‘liqdir. Ochiq aytsam, nafaqat ahamiyat bermayman, xushomad menga umuman yoqmaydi. To‘g‘ri allaqachon bunga harakatlar boshlangan. Ba’zilar O‘zbekistonga tashrifimdan keyin “qoyilmaqom”, “bunaqasi bo‘lmagan”, “siz juda yaxshi ko‘rindingiz” kabi hushomadlarni eshitdim”, degan Toqayev.

XAEA bosh direktori Yukiya Amano vafot etdi

Bugun, 22 iyul kuni Xalqaro atom energiyasi agentligi Bosh direktori Yukiya Amano 72 yoshida vafot etdi. “XAEA kotibiyati chuqur qayg‘u bilan Bosh direktori Yukiya Amanoning hayotdan ko‘z yumganini ma’lum qiladi”, deyiladi xabarda.

Dollar kursi 8600 so‘mlik “dovon”dan o‘tdi

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki 23 iyuldan xorijiy valyutalarning so‘mga nisbatan yangi qiymatini belgiladi.

Unga ko‘ra, 1 AQSH dollari 8624,51 so‘mga teng bo‘lib, o‘tgan haftaga nisbatan 40,01 so‘mga qimmatlashgan.

Ukrainada saylov: Zelenskiy partiyasi mutlaq g‘alabaga yaqin

Kecha, 21 iyul kuni Ukrainada muddatidan avval parlament saylovi o‘tkazildi. Parlamentga 225 deputat partiyalar ro‘yxatidan, qolgan yarmi majoritar okruglardan saylanadi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning partiyasi “Xalq xizmatkorlari” (Sluga Naroda) saylov natijalariga ko‘ra, Oliy Radada 247 o‘ringa ega bo‘lishi mumkin. Markaziy saylov komissiyasining 50 foiz ovozlarni ko‘rgandan keyingi natijalar shundan darak beryapti.

2 yoshli bolaning hayotini saqlab qolgan shifokor mukofotlandi

Avvalroq, Toshkent shahrida otolaringolog-shifokor klinik o‘lim holatiga tushgan 2 yoshli bolani qutqarib qolgani haqida xabar bergan edik. Shifokor Sergey Tobias QALAMPIR.UZ bilan suhbatda bolani qanday qilib qutqargani haqida gapirib bergandi.

Mazkur jarayonda qahramonlik ko‘rsatgan 41 yoshli shifokor O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi e’tiboridan ham chetda qolmadi. Sergey Vladimirovich Tobias “Sog‘liqni saqlash a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanib, ushbu mukofot sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov tomonidan toshirildi.

Turkmanboshini “o‘ldirgan” Rubayev uzr so‘radi

Kecha, 21 iyul kuni xalqaro va mahalliy OAVda Turkmaniston Respublikasi Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning vafot etgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Mazkur xabarlarda yagona manba sifatida Yevrosiyo muammolari monitoring markazi direktori Aslan Rubayev keltirilgandi. 

O‘zbekistondagi o‘rtacha oylik qancha?

O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi mamlakatdagi yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan korxona va tashkilotlarda ishlovchilarning o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqini hisoblab chiqdi. Unga ko‘ra, o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi  2 mln 92,6 ming so‘mni tashkil etmoqda. 

O‘zbekistonning eng ko‘p aholisi qaysi hududlarda ekani aytildi

O‘zbekiston Respublikasi doimiy aholisi soni 2019 yil 1 iyul holatiga ko‘ra 33 million 523,6 ming kishini tashkil etgan. Bu haqda Davlat stastistika qo‘mitasi xabar bermoqda. 2019 yil boshidan 268,1 ming kishiga yoki 0,8 %ga o‘sgan.  Jumladan,  shahar aholisi soni 16 million 939,6 ming kishini (jami aholi sonidagi ulushi 50,5 %),  qishloq aholisi soni 16 million 584,0 ming kishini (49,5 %) tashkil etdi.

Uy tomidan o‘zbekistonlikning jasadi topildi

Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida O‘zbekiston fuqarosining jasadi topildi. Bosh konsulxona bergan ma’lumotga ko‘ra, joriy yilning 19 iyul kuni mazkur shaharning Moskva tumanidagi uy tomida O‘zbekiston fuqarosi U.A.ning jasadi topilgan. Politsiya o‘limga elektr toki urishi sabab bo‘lganini ma’lum qildi.

O‘zbekiston va Mirziyoyevning do‘sti ishdan ketdi

Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Alan Dunkan lavozimini tark etdi. U Britaniyada o‘tkaziladigan Bosh vazir sayloviga bir kun qolganda iste’fo bergani aytilmoqda. Qayd etilishicha, Alan Dunkan sobiq Tashqi ishlar vaziri Boris Jonsonning Bosh vazir bo‘lishiga qarshi.

Sobiq Prezidentni so‘roq qilishga kelgan vazir o‘rinbosari uyga kiritilmadi

Bugun, 22 iyul kuni Qirg‘iziston ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Mirlan Kanimetov va tergov guruhi Almazbek Atamboyevni tergovga chaqirish uchun uning rezidensiyasiga keldi. Biroq oradan 20 daqiqa o‘tgach, quruq qo‘l bilan ortga qaytdi.

Kapadze va Haydarov O‘FAda mas’ul lavozimga tayinlandilar

Futboldagi faoliyatini tugatgan yarim himoyachi Azizbek Haydarov O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi terma jamoalar bo‘limida ish boshlamoqda. Bu haqda O‘FA matbuot xizmati yozdi. Unga turli yoshdagi barcha terma jamoalar ishini muvofiqlashtirish kabi mas’uliyatli vazifa topshirilgan. 

Haydarov bilan bir davrda terma jamoada to‘p surgan o‘zbek futbolining yana bir afsonaviy vakili, uchrashuvlar soni va titullar bo‘yicha O‘zbekistonda rekordchilardan biri hisoblangan Timur Kapadze ham O‘FA tizimida ish boshlagan. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

6

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing