Donetsk 15 mart kuni motam tutadi
Olam
−
14 mart 2022
14099Ertaga, 15 mart kuni rossiyaparast separatistlar nazoratidagi (tan olinmagan) Donetsk xalq respublikasida Ukraina qo‘shinlari Donetsk markaziga bergan zarbasi oqibatida halok bo‘lganlar xotirasiga motam kuni deb e’lon qilindi. Bu haqda respublika rahbari Denis Pushilin ma’lum qildi.
“Bugun ukrainalik fashistlar Donbassda tinch aholiga qarshi dahshatli terrorchilik aktini amalga oshirdi – ular Donetsk markazida klaster tipidagi zaryadli “Tochka-U” taktik raketa majmuasidan foydalanishdi. Aziz yurtdoshlar, ertaga, 15 mart motam kuni deb e’lon qilindi. Halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildiraman. Yaradorlar tezroq sog‘ayib ketishini tilayman”, deydi DXR rahbari.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, zarba oqibatida 17 kishi halok bo‘lgan, yana 28 kishi jarohatlangan. Ular orasida bir bola ham bor, ma’lumotlar aniqlashtirilmoqda. Pushilinning ta’kidlashicha, zarba kunduzi, ko‘chada odamlar ko‘p, banklar va do‘konlar ochiq bo‘lgan paytda berilgan.
Dastlabki ma’lumotlarda qurbonlar 20 nafarligi va 9 kishi jarohatlangani aytilgan edi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi