DXR va LXRni tan olgan Suriyaga sanksiyalar kuchaytiriladi – Zelenskiy

Olam 5367
image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakat sharqidagi Donetsk va Lugansk xalq respublikalarini tan olish qaroridan keyin Suriya bilan barcha munosabatlarni uzishini, ushbu mamlakatga nisbatan sanksiyalar bosimini kuchaytirishini aytdi. Bu haqda u ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qilgan. 

“Rossiya baribir Suriyadan Donbassdagi ishg‘ol tuzilmalar tan olingani haqida bayonot oldi. Bunday vaziyatda Suriya bilan hech qanday aloqalar qolmaydi, aksincha, mamlakatga nisbatan sanksiyalar bosimi yanada kuchayadi”, deydi u.

Ma’lumot o‘rnida, 2016 yilda Ukrainaning Suriyadagi elchixonasi Yaqin Sharqdagi ushbu mamlakatdagi qurolli mojaro munosabati bilan Livanga evakuatsiya qilingan edi.

Eslatib o‘tamiz, Suriya Arab Respublikasi Ukraina sharqidagi Donetsk va Lugansk xalq respublikalari mustaqilligini tan olish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Suriya TIV ma’lumotlariga ko‘ra, aloqalarni mustahkamlash, jumladan, diplomatik munosabatlar o‘rnatish bo‘yicha asoslarni kelishish uchun DXR va LXR bilan aloqalar o‘rnatiladi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.

Diyora Abdurahmonova
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 20
Reyting: 2.9
t
×