DXX Farg‘onada qoradoriga qarshi reydda 8 kishini ushladi
3-sahifa
−
10 fevral
5439Farg‘ona viloyatida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi o‘tkazilgan tezkor tadbirda 8 kishi qoradori bilan qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Jumladan, Farg‘ona shahrida istiqomat qiluvchi, 2003 yilda tug‘ilgan fuqaroning yoni hamda yashash xonadonidan jami 2 kilogramm 992 gramm “gashish” moddasi protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu shaxs Tojikistondan olib kelingan “ajal og‘usi”ni Farg‘ona viloyatida yashovchi mijozlarga sotishni rejalashtirgan.
Boshqa bir holatda esa Qo‘shtepa tumanida vaqtincha yashovchi, 1984 yilda tug‘ilgan Tojikiston fuqarosi Marg‘ilon shahrida istiqomat qiluvchi 3 nafar muqaddam sudlangan sheriklari bilan Toshkent viloyatining Bo‘ka tumaniga borib, yo‘lning qatnov qismi chetiga tojikistonlik narkosavdogarlar yashirib ketgan 1 kilogramm 977 gramm “gashish” moddasini olib, ortga qaytayotgan vaqtida Namangan viloyatining Pop tumanida qo‘lga olindi. Ular ushbu giyohvandlik vositalarini Farg‘ona, Marg‘ilon shaharlari hamda Oltiariq tumanida yashovchi xaridorlarga sotishni rejalashtirgan.
Qo‘qon shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullanuvchi, 2003 yilda tug‘ilgan muqaddam sudlangan shaxs va uning 2004 yilda tug‘ilgan turmush o‘rtog‘i ushlanib, ulardan 1 kilogramm 924 gramm “gashish” moddasi ashyoviy dalil sifatida olindi. Aniqlanishicha, ushbu “ajal og‘usi” ham Tojikistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan.
Qo‘qon shahrida qayd etilgan yana bir holatda 1988 yilda tug‘ilgan, muqaddam bir necha marotaba sudlangan shaxsga tegishli “Kombi” rusumli avtomashina xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, uning yukxonasida Qirg‘izistondan keltirilgan 966 gramm “gashish” hamda 976 gramm “opiy” moddalari borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Davlat xavfsizlik xizmati hamda Ichki ishlar vazirligi tomonidan joriy yilning 5-7 fevral kunlari o‘tkazilgan “Oriat” va “Qoradori” keng ko‘lamli tadbirlarida saunalar, SPA salonlar, massajxonalar, karaoke barlar, mehmonxonalar, xostellar, tungi klublar va boshqa jamoat joylarida hamkorlikdagi tadbirlar olib borilgandi. Aniqlangan holatlar bo‘yicha qo‘zg‘atilgan 93 ta jinoyat ishlari doirasida 94 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgandi. Shuningdek, 18 ta noqonuniy o‘qotar qurol va 126 dona sovuq qurol aniqlandi, 53 nafar qidiruvdagi shaxs ushlandi. Toshkent shahrida esa “Makarov” pistoleti, 2 dona o‘qdon va 15 ta jangovar patronlarni saqlab kelgan shaxs aniqlangandi.
LiveBarchasi