DXX odam savdosi va giyohvandlikka qarshi tadbirda 5 kishini ushladi
3-sahifa
−
09 fevral
5914Davlat xavfsizlik xizmati hamda Ichki ishlar vazirligi tuzilmalari tomonidan joriy yilning 5-7 fevral kunlari o‘tkazilgan “Oriat” va “Qoradori” keng ko‘lamli tadbirlarida giyohvandlik vositalari va odam savdosi bilan shug‘ullangan 5 kishi qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati matbuot xizmati xabar berdi.
Telegram ijtimoiy tarmog‘ida olib borilgan tezkor tadbirlar davomida Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida 1 kilogramm sintetik giyohvandlik vositasi “zakladka” usulida ko‘milgani to‘g‘risida tezkor ma’lumot olingan. Ma’lumot asosida olib borilgan tadbirlar natijasida 1986 va 2002 yilda tug‘ilgan, ikki nafar shaxs giyohvandlik vositasini ko‘milgan joydan olayotgan vaqtida ushlandi. Ulardan biri yashab kelayotgan Mirobod tumanidagi uyning turli joylarida “zakladka” usulida tarqatish uchun tayyorlab qo‘yilgan jami 200 gramm sintetik giyohvandlik vositasi, elektron tarozi, izolyatsion lenta va zip-paketlar borligi aniqlanib, ashyoviy dalillar hujjatlashtirib olingan.
Odam savdosiga qarshi kurashish yo‘nalishida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 1986 yilda tug‘ilgan, Toshkent shahrida vaqtincha yashab kelayotgan Turkiya fuqarosi va ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olindi. Ushbu shaxslar o‘zaro jinoiy til biriktirib, jinsiy ekspluatatsiya qilish maqsadida 2 ayolni Toshkent xalqaro aeroporti orqali Istanbul shahriga jo‘natayotgan vaqtida ushlandi.
Eslatib o‘tamiz, Davlat xavfsizlik xizmati hamda Ichki ishlar vazirligi tomonidan “Oriat” va “Qoradori” keng ko‘lamli tadbirlarida saunalar, SPA salonlar, massajxonalar, karaoke barlar, mehmonxonalar, xostellar, tungi klublar va boshqa jamoat joylarida hamkorlikdagi tadbirlar olib borilgandi. Aniqlangan holatlar bo‘yicha qo‘zg‘atilgan 93 ta jinoyat ishlari doirasida 94 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgandi. Shuningdek, 18 ta noqonuniy o‘qotar qurol va 126 dona sovuq qurol aniqlandi, 53 nafar qidiruvdagi shaxs ushlandi. Toshkent shahrida esa “Makarov” pistoleti, 2 dona o‘qdon va 15 ta jangovar patronlarni saqlab kelgan shaxs aniqlangandi.
LiveBarchasi