Surxondaryoda yuk mashinasiga 52,5 kg narkotik yashirgan shaxs ushlandi (video)

3-sahifa

−

image

Surxondaryo viloyatida xizmati iti yuk mashinasiga yashirib qo‘yilgan 52 kilogrammdan ziyod giyohvandlik vositalarini fosh qildi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi “Ayritom” chegara bojxona posti xodimlari va Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari tomonidan viloyat bojxona boshqarmasining Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi, Davlat xavfsizlik xizmati hamda ichki ishlar organlari vakillari bilan hamkorlikda yirik miqdordagi giyohvandlik vositalarini olib kirishga bo‘lgan urinish bartaraf etilgan.

Joriy yilning 1 oktyabr kuni soat 22:30 da Afg‘onistondan “Ayritom” chegara bojxona postiga kirib kelgan bo‘sh yuk avtotransport vositasi bojxona nazoratidan o‘tkazilgan. Nazorat jarayonida kinolog xizmat itining transport vositasiga nisbatan belgi berishi bojxona xodimlarining e’tiborini tortgan. Shundan so‘ng, 1993 yilda tug‘ilgan, Termiz tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro boshqaruvidagi mazkur yuk avtomashinasi chuqurlashtirilgan bojxona nazoratidan o‘tkazilgan. Natijada transport vositasi tirkamasining pol qismi tagiga xufiyona yashirilgan 98 dona o‘ram aniqlangan.

Bojxona postidagi yirik inspeksion rentgen qurilmasini chalg‘itish maqsadida o‘ramlar polietilen, zarqog‘oz va skotch yordamida to‘rt qat qilib qadoqlangan. O‘ramlar belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilganda, ularning 79 donasida “gashish”, 19 donasida esa “opiy” giyohvandlik vositasi joylangani ma’lum bo‘lgan. Protsessual tartibda olib qo‘yilgan giyohvandlik vositalarining o‘rami bilan birgalikdagi og‘irligi 42 kg 335 gramm “gashish” hamda 10 kg 260 gramm “opiy”, jami 52 kg 595 grammni tashkil etgan.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, olib qo‘yilgan giyohvandlik vositalari salkam 340 ming dozani tashkil etadi. Bu esa minglab insonlar, ayniqsa yoshlar salomatligi va kelajagiga jiddiy xavf solishi mumkin edi.
 
Ma’lumot uchun, joriy yilning o‘tgan davrida O‘zbekiston bojxonachilari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar bilan hamkorlikda 1,9 tonnadan ziyod giyohvandlik vositalarining bojxona chegaralari orqali noqonuniy olib o‘tilishi hamda ichki hududdagi yashirin aylanmasiga chek qo‘yilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatining Qibray tumanida fuqaroning xonadonidan 1 kilogramm “marixuana” giyohvandlik vositasi topilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing