“Taftish.uz” va DXXning sobiq xodimlariga hukm o‘qildi

3-sahifa

−

image

Bugun, 24 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi “Taftish.uz” tahririyati xodimlari va DXXning OAV faoliyatini nazorat qiluvchi boshqarmasi zobitlariga nisbatan hukm o‘qidi. Bu haqda “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov ma’lum qildi.

Uning bildirishicha, ularga 4 yil 1 oydan 10 yil 6 oygacha bo‘lgan muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Xususan, tahririyat rahbari G‘ayrat Aberayev 10 yil 6 oyga, jurnalist Marjona Eshquvvatova 4 yil 1 oyga ozodlikdan mahrum qilingan.

Shuningdek, tahririyatning yana ikki nafar vakili hamda DXXning sobiq xodimlari 10 yildan ortiq muddatlarga ozodlikdan mahrum qilingan. Ular tuhmat, haqorat, firibgarlik, tovlamachilik singari jinoyatlarda ayblangan. Yopiq sud majlisi hukmiga ko‘ra, sudlanuvchilar jazo muddatlarini umumiy tartibdagi koloniyalarda o‘taydi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning yanvar oyida “Taftish.uz” saytining 4 nafar xodimi tovlamachilik va firibgarlikda gumonlanib qo‘lga olingandi. Keyinroq, ish doirasida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi tergov departamenti va uning quyi tizimlari tomonidan 27 nafar fuqaroning murojaatlari asosida 21 ta holatda Jinoyat kodeksining 168-moddasi, (firibgarlik) 165-moddasi, (tovlamachilik) 139-moddasi (tuhmat) va 244-6-moddasida (yolg‘on axborot tarqatish) nazarda tutilgan jinoyat alomatlari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilayotgani ma’lum bo‘ldi.

Joriy yilning aprelida “Taftish.uz”  xodimlari ishini Harbiy prokuratura tergovchilari olib borayotgani ma’lum bo‘lgan. Abdurahmon Tashanov o‘shanda bunga sabab sifatida ish bo‘yicha DXXning bir necha xodimi ham ayblanuvchilar qatorida bo‘lganini ko‘rsatgan. Huquq faoli tergov davomida sayt jamoasiga qarshi 400 dan ortiq fuqaroning arizasi ko‘rib chiqilganini bildirgan. 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing