Ikki ayol $240 mingni boldiriga yashirib, Qozog‘istonga noqonuniy olib chiqmoqchi bo‘ldi (video)
3-sahifa
−
09:06 1122 2 daqiqa
Toshkent viloyatida 240 ming AQSH dollarini mamlakatdan noqonuniy olib chiqmoqchi bo‘lgan, poytaxtda esa qalbaki 8 400 AQSH dollarining muomalaga kiritmoqchi bo‘lgan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, DXXning Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Bojxona organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda chet el valyutasini mamlakatdan noqonuniy olib chiqilishiga chek qo‘yilgan.
Xususan, Toshkent tumanida joylashgan “Navoiy” chegara-bojxona postida 2005 va 2009 yillarda tug‘ilgan ikki nafar Qozog‘iston Respublikasi fuqarosi shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilgan.
Tekshiruv davomida ulardan biri oyoqlarining boldir qismiga yopishqoq tasma (skotch) yordamida 160 ming, ikkinchisi esa 80 ming AQSH dollarini bog‘lab, yashirin tarzda qo‘shni davlatga olib chiqib ketayotganliklari aniqlangan.
DXXning, shuningdek, Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan ko‘rilgan tezkor choralar natijasida qalbaki xorijiy valyutani muomalaga kiritilishining oldi olingan.
Xususan, Qibray tumanida yashovchi 1999 yilda tug‘ilgan shaxs Turkiya davlatidan yetkazib berilgan qalbaki 8 400 AQSH dollarini foyda olish maqsadida Yunusobod tumanida istiqomat qiluvchi, 1997 yilda tug‘ilgan sherigi bilan o‘zaro til biriktirib, shartli xaridorga haqiqiy 3 800 AQSH dollariga sotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Bildirilishicha, hozirda har ikki holat bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 3 nafar xorijlikdan tanishlari orqali O‘zbekiston vizasini olib berish evaziga 31 200 AQSH dollari olganlar ushlangandi.
Live
Barchasi