Surxondaryoda “marixuana”ni gugurt qutida tarqatgan ayol va uning sheriklari ushlandi (video)

3-sahifa

−

image

Surxondaryoda fuqarolarga qora dori tarqatgan ayol qo‘lga olinib, uning xonadonidan 1 kilogramm 5 gramm giyohvandlik moddasi topildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 15 sentyabr kuni viloyat IIB Tezkor-qidiruv xizmati, Jinoyat-qidiruv boshqarmasi, Davlat xavfsizlik xizmati hamda Boysun tumani IIB xodimlari hamkorligida “Qoradori-2026” tezkor-profilaktik tadbirining ikkinchi bosqichi doirasida tadbir o‘tkazilgan.

Unda 1962 yilda Boysun tumanida tug‘ilgan shaxs 12 dona gugurt qutisiga joylangan, og‘irligi 35,18 gramm bo‘lgan yashil rangli, o‘tkir hidli “marixuana”ni sotayotgan vaqtida qo‘lga olingan.

Surishtiruv davomida u giyohvandlik moddasini Boysun tumanida yashovchi 1971 yilda tug‘ilgan shaxsdan olganini aytgan. Ushbu shaxs ham qo‘lga olinib, giyohvandlik moddasini 1977 yilda Boysun tumanida tug‘ilgan ayoldan olganini bildirgan.

Shundan so‘ng ayolning xonadonida tintuv o‘tkazilib, sof vazni 1 kilogramm 5 gramm bo‘lgan “marixuana”ga o‘xshash modda aniqlanib, daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirib olingan.

Bildirilishicha, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi (Giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni yoki ularning analoglarini o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, qayta ishlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatida 4 kilogramm “gashish”ni 40 ming AQSH dollariga sotayotgan shaxs qo‘lga olingani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing