“Diktatura ertami-kechmi qulaydi”. Rossiyalik senatorning qizi urushga qarshi chiqdi 

Olam

image

Rossiya Federatsiyasi kengashi a’zosi Eduard Isakovning birinchi turmushidan 25 yoshli qizi Diana Isakova ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Ukrainadagi urushga qarshi ekanini bildirib, Rossiyani tark etayotganini ma’lum qildi. 

Qayd etilishicha, kecha, 18 avgust kuni tushdan keyin Diana Isakova aeroportda o‘tirib, so‘nggi besh oy ichida boshidan kechirganlari haqida qisqacha izoh qoldirgan. 

“Aytish mumkinki, men bu Hukumatni tanlamaganman. Lekin men uning shafqatsizligi va axloqsizligini bilsam-da, sukut saqladim”, degan u. 

Ma’lum bo‘lishicha, Diana Isakova Rossiyani tark etishga va urushga qarshi pozitsiyasi haqida iloji boricha ochiq gapirishga qaror qilgan va buning uchun BBC hamda “Meduza” bilan bog‘lanib, intervyu bermoqchiligini aytgan.

“Mamlakatimiz haqida nima deb o‘ylayotganimni ayta olmayman. 24 fevralda urush boshlandi. Men o‘shanda boshdan kechirgan his-tuyg‘ularimni yetkazish juda qiyin. Bu dahshatli edi. Qanaqasiga bunday bo‘lishi mumkin? Odam odamni o‘ldiradi va bu ishni Rossiya qilyapti, men buni qiladigan davlatda yashayman. Men dastlabki ikki kun juda ko‘p yig‘ladim, motam tutdim, go‘yo kimdir vafot etgandek, qaysidir qarindoshimdan ayrilgandek”, deydi Diana Isakova BBC bilan suhbatda.

Qizning otasi Eduard Isakov Xanti-Mansiysk avtonom okrugi senatori. U Buyuk Britaniya, Yevropa Ittifoqi va Kanadaning sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan. Diana Eduard Isakovning birinchi turmushidan bo‘lgan qizi. U meditatsiya o‘qituvchisi. Bundan tashqari, yoga, qo‘shiq aytish bilan shug‘ullanadi. 

Qizning so‘zlariga ko‘ra, u otasi bilan bir necha masalalarda qarama-qarshi nuqtai nazarga ega bo‘lgan. Masalan, qiz 2020 yilda Navalniy zaharlanganidan keyin otasidan yashirincha Sochidagi mitingga borgan.

“Men har doim sobiq erim bilan oshxonada shu mavzuda suhbatlashardim. Navalniy zaharlanganda, uning tirik qolmasligidan juda xavotirda edik”, deydi u.

Shuningdek, BBC bilan bo‘lgan suhbat davomida Diana Isakova ertami-kechmi diktatura rejimi qulashini aytib, otasining taqdiridan xavotir bildirgan.

“Men uning [otamning] taqdiri nima bo‘lishidan xavotirdaman, chunki diktatura ertami-kech qulashiga ishonaman. Afsuski, bizning Hukumatdagi otam kabi takabbur odamlar boshqa odamlarni kamsitadi. Ular o‘zlarini ortiqcha baholaydilar. Ularda hozir sodir bo‘layotgan hamma narsa abadiy, Putin abadiy, degan tuyg‘u bor. Insoniyat tarixidan xulosa qilishim mumkinki, diktatura ertami-kechmi qulaydi, odamlar uyg‘onadi, o‘z ovozi, irodasi borligini eslaydi. Buni, ta’bir joiz bo‘lsa, odamlarga yetkazish uchun qo‘limdan kelganini qilaman. Urushni qo‘llab-quvvatlaganlar urush jinoyatchisiga aylanishi va sudga tortilishi mumkin”, deydi Rossiya Federatsiyasi kengashi a’zosi Eduard Isakovning qizi.

Diana Isakova chiqqan samolyot bugun, 19 avgust kuni erta tongda yangi mamlakatga qo‘ndi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

39

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing