Deputat 65 bolaning o‘limi bo‘yicha SSV rahbariyati javobgarlikka tortilmaganiga e’tiroz bildirdi
Jamiyat
−
15 noyabr 2023
11873“Dok-1 Maks” siropini iste’mol qilishi oqibatida 65 nafar bolaning vafot etishi bo‘yicha O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash tizimi rahbariyati, sohaga bosh bo‘lganlar javobgarlikka tortilmadi. Vazirlik rahbariyati ushbu holat bo‘yicha siyosiy javobgarlikni o‘z bo‘yniga olgani yo‘q. Qolaversa, SSV rahbariyatiga nisbatan hech qanday qonuniy javobgarlik ham belgilanmadi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev kecha, 14 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda gapirdi.
Yig‘ilishda Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov vazirlikning joriy yil yanvar – sentyabr oylaridagi faoliyati bo‘yicha hisobot taqdim etdi. Hisobotdan so‘ng deputat Doniyor G‘aniyev vazir va deputatlarga o‘tgan yil oxiri va joriy yil boshida “Dok-1 Maks” siropidan 65 nafar bola vafot etgani, vazirlik kerakli choralarni ko‘rmagani, bolalar doridan zaharlanayotganini xabar qilgan shifokor esa sazoyi qilinganini eslatdi. U vazir Inoyatovga yuzlanib shunday dedi:
“O‘zbekistonda tibbiyot sohasiga qaratilayotgan e’tibor, ajratilayotgan mablag‘larga qaramay, tizimdagi o‘ta qo‘pol kamchiliklar tufayli o‘nlab bolalarning hayotiga zomin bo‘ladigan holatlarning guvoh bo‘ldik. Tizimdagi korrupsiyaning, bir dorining tegishli tartibda sertifikatlanmasligi oqibatida 65 nafar bolaning ota-onasi farzandlaridan judo bo‘ldi.
Bugun bu jinoyatga sherik bo‘lganlarning har biri qonun oldida javob beryapti. Buni olqishlaymiz. Men suddagi ota-onalarning g‘amini, ulardagi qayg‘uni ko‘rib, o‘zim ham yig‘ladim. Chunki meni ham ikki nafar farzandim o‘sha yoshda va ulardan biri mening bolam bo‘lishi mumkin edi. Vijdonim qiynalyaptiki, biz ham deputat sifatida nazoratni to‘g‘ri qilmay, e’tiborni boshqa tomonga qaratganimiz uchun tizimdagi mana shunday qo‘pol xatolar tufayli 65 nafar bola bugun oramizda yo‘q.
Va eng achinarlisi, tizimdagi xodimlarning ko‘rsatmalaridan ma’lum bo‘lyaptiki, tizimda ma’lumotni yetkazish, pastdan tepaga bo‘layotgan voqealarni yetkazmaslik oqibatida ko‘plab bolalarni saqlab qolishning imkoni boy berilgan. Ming afsuski, haligacha vazirlik tomonidan bu ishlar uchun siyosiy javobgarlik tan olingani yo‘q. Jinoiy javobgarlikka tortilayotganlar o‘z yo‘liga, lekin siyosiy javobgarlik, mas’uliyat nuqtayi nazaridan haligacha tegishli yuqori mansabdor shaxslarga nisbatan javobgarlikni ko‘rmayapmiz. Biz uchun Sog‘liqni saqlash [vazirligi]ning birinchi rahbari javobgar. To‘g‘ri, siz (Amrillo Inoyatovga yuzlanib – tahr.) u vaqtda vazir emasdingiz, men sizni ayblamoqchi emasman. Lekin yangi vazir sifatida bo‘lib o‘tgan ishdan qanday xulosa chiqardingiz? Mana shunday qo‘pol xato qayta takrorlanmasligiga va’da bera olasizlarmi? Pastda mana shunday xato bo‘lsa, uni yuqoriga yetkazmoqchi bo‘lgan tibbiyot xodimini jazolamasligiga va o‘sha ma’lumot o‘z vaqtida sizning stolingizga yetib kelib, o‘z vaqtida chora ko‘rib, boshqa oilalarning farzandlari hayotini saqlab qolishga, hamma choralarni ko‘rishga va’da berasizlarmi? Xulosa chiqardingizmi yoki siyosiy javobgarliksiz bunday holatlar davom etaveradimi?”
“Dok-1 Maks” voqeasi avjiga chiqqan vaqtda Sog‘liqni saqlash vaziri lavozimida Behzod Musayev faoliyat yuritib kelayotgan edi. Uning birinchi o‘rinbosari kursisini esa hozirda vazirlikni bajarayotgan Amrillo Inoyatov egallagandi. Inoyatov deputat G‘aniyevning “Dok-1 Maks” siropi bilan bog‘liq savoliga uzoq kuttirmay javob berib, gapni o‘sha vaqtda vazir emas, balki vazirning birinchi o‘rinbosari bo‘lgani, bolalarning zaharlanayotganini esa kech eshitganini aytishdan boshladi.
“Aytgan e’tirozlaringizni 100 foiz qabul qilamiz. Hech qanday bahona qilishga asosimiz yo‘q. Tizimning rahbari sifatida xalqimiz, hurmatli prezidentimiz ishonib shu tizimga bosh qilib qo‘yganlari men uchun katta mas’uliyat va majburiyat yuklaydi.
Men o‘sha paytda birinchi o‘rinbosar bo‘lganman. Birinchi o‘rinbosar bo‘la turib men xabarni kech eshitganman. Buni ochiq tan olib aytaman. 24-25 dekabr kunlari eshitib, darhol bu masala bilan shug‘ullanganman va ayniqsa, Yangi yilning birinchi 10 kunligida 17 ming hamshiramiz, tibbiy brigadalarimizni uyma-uyga yurgizib, o‘sha preparatlarni yig‘ib oldik. Hurmatli prezidentimizga rahmat, ularni topshiriqlari bilan prokuratura, ichki ishlar, soliq organlarini jalb qilib, 18 mingta dorixonani to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazib, hamma dori yig‘ishtirib olindi. Jarayonni bittada to‘xtatdik.
Ikkinchidan, shaxsan men va vazirimiz 24-25 dekabrda xabar olgan bo‘lsak, 100 nafarga yaqin bolalarni Bolalar milliy markaziga va Respublika tez tibbiy yordam markaziga olib borib, ularni [davolash] yondashuvini o‘zgartirdik.
Bir narsani tan olib aytish kerak, yana yuz nafarga yaqin bolalarning hayotini asrab qoldik, ularni ham yo‘qotishimiz mumkin edi. Doniyor Avazovich, juda ham to‘g‘ri masalani ko‘tardingiz. Bemor bolalar o‘tkir buyrak yetishmovchiligi bilan asosan virus, ya’ni gripp kasalligi va o‘tkir ichak kasalligi asorati sifatida keladi.
Va bizga Samarqanddagi bosh shifokor bu masalani ko‘tarib, preparatdan ekani yetib kelgunga qadar shifokorlarimiz yuqoridagiga mos klinik protokol asosida ularni davolab kelgan. Bizning shifokorlarimiz zaharlanish aynan preparatdan ekanini bilmagan. Agar bilganida, yondashuv umuman boshqacha bo‘lib, har birining hayotini saqlab qolish mumkin edi.
Bizda hamma statistika bor, 1 yanvardan boshlab bitta ham bunday o‘lim yo‘q. Chunki o‘tkir ichak kasalligidan keyin yoki virusdan keyin kelib chiqadigan o‘tkir buyrak yetishmovchiligini davolash imkoniyatimiz bor. Buning uchun yetarlicha tajribamiz ham bor. Mana shu holat bo‘yicha biz juda qattiq xulosa qilganmiz.
Shaxsan men ham vazirning birinchi o‘rinbosari sifatida kech eshitganman, bu mening ham katta xatoim bo‘ladi”, deydi Amrillo Inoyatov.
"Dok-1 Maks" ishi
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Hindistonning Marion Biotech farmatsevtika kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan “Dok-1 Maks” siropi O‘zbekistonda 20 nafar bolaning o‘limiga sabab bo‘lgani xabar qilingandi. Shundan so‘ng, vazirlik bu voqea haqida hech qanday bayonot bermadi. Joriy yilning avgust oyiga kelib, Oliy sud matbuot xizmati “Dok-1 Maks” siropidan zaharlanish oqibatida vafot etgan bolalar SSV aytganidek 20 nafar emas, balki 65 nafar ekanini bildirdi.
Marion Biotech farmatsevtika kompaniyasi esa dori vositalari ishlab chiqarishda sanoat darajasida ishlatiladigan zaharli moddadan foydalangani ma’lum bo‘ldi.
Shundan so‘ng Davlat xavfsizlik xizmatining Tergov boshqarmasi tomonidan “Quramax medikal” MCHJ hamda “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilar DXX Tergov hibsxonasiga joylashtirildi.
Tasdiqlangan ayblov xulosasiga ko‘ra sodir etilgan jinoyatlarda umumiy hisobda 21 kishi ayblanmoqda. Ayblanuvchilarning 16 nafari erkak va 5 nafari ayol bo‘lib, ularning 7 tasiga “qamoqqa olish”, 12 tasiga “munosib xulq-atvorda bo‘lish to‘g‘risida tilxat” va 2 tasiga “garov” tarzidagi ehtiyot choralari qo‘llanilgan.
Ularga nisbatan Jinoyat kodeksining jami 11 moddasida nazarda tutilgan ayblovlar qo‘yilgan. Bular:
1. 184-modda – soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash;
2. 28-modda – jinoyat ishtirokchilarining turlari;
3. 186-3-modda – Sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni o‘tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish, shuningdek tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish;
4. 25-modda – jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish;
5. 205-modda – hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish;
6. 207-modda – mansabga sovuqqonlik bilan qarash;
7. 209-modda – mansab soxtakorligi;
8. 210-modda –pora olish;
9. 211-modda – pora berish;
10. 212-modda – pora olish-berishda vositachilik qilish;
11. 228-modda – hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish.