“Dok-1 Maks” bilan bog‘liq holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Gumonlanuvchilar DXX tomonidan hibsga olindi
Salomatlik
−
27 dekabr 2022
13462Samarqandda “Dok-1 Maks” siropini iste’mol qilishi oqibatida 18 nafar bolaning vafot etgani haqida xabar bergan edik. Holat yuzasidan Davlat xavfsizlik xizmatining Tergov boshqarmasi tomonidan “Quramax medikal” MCHJ hamda “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilar DXX Tergov hibsxonasiga joylashtirildi. Bu haqda DXX xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Hindistonning “Marion Biotech Pvt. Ltd” kompaniyasiga tegishli “Dok-1 Maks” dori vositaci mamlakatimizga “Quramax Medikal” MCHJ tomonidan savdoga chiqarilgan.
Preparat uy sharoitida bolalarga shifokor retseptisiz shamollashga qarshi vosita sifatida noto‘g‘ri qo‘llanilgan.
SSVning laborator o‘rganishlariga ko‘ra, bu siropning tarkibida mavjud bo‘lgan “etilenglikol” moddasi bemor salomatligida jiddiy salbiy o‘zgarishlarni keltirib chiqaradi.
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi xulosasiga ko‘ra, “Dok-1 Maks” siropi me’yoriy hujjatda belgilangan talablarga javob bermaydi.
Shuningdek, sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev “Dok-1 Maks” dorisini ichish natijasida dunyodan ko‘z yumgan 18 nafar bolaning ota-onalari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi.
“Mazkur holat viloyat (Samarqand) tibbiyot xodimlari tomonidan vazirlikdan yashirilgan”, deydi vazir.
Shu bilan birga, vazir mazkur ishga aloqador bo‘lgan va xatolikka yo‘l qo‘ygan barcha aybdorlar javobgarlikka tortilishi hamda hech kim bilan murosa qilinmasligini ma’lum qildi.
Sohiba Komilovna
LiveBarchasi