“Dok-1 Maks” fojiasining siri fosh etildi
3-sahifa
−
29 iyun 2023
29466O‘tgan yili O‘zbekistonda 20 bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan “Dok-1 Maks” yo‘tal siropini ishlab chiqargan Hindistonning Marion Biotech kompaniyasi dori vositalari uchun sanoat darajasida ishlatiladigan zaharli moddadan foydalangani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Marion Biotech sirop tayyorlashda foydalanilgan propilen glikol moddasini Maya Chemtech India savdo belgisidan sotib olgan. Ammo Maya Chemtech farmatsevtika uchun mo‘ljallangan mahsulotlarni sotish uchun litsenziyaga ega bo‘lmay, askincha, faqat sanoat toifasi bilan shug‘ullangan.
"Biz Marion undan yo‘tal siropi tayyorlash uchun foydalanishini bilmasdik. Bizga mahsulotimiz qayerda ishlatilishi aytilmagan", deydi tergovda shaxsini oshkor qilishni istamagan odam.
Manbalarda qayd etilishicha, Marion Biotech yuvish vositalari, antifrizlar, bo‘yoqlar yoki qoplamalarda keng qo‘llaniladigan va pestitsidlarning samaradorligini oshirish uchun sanoat darajasida ishlatiladigan propilen glikoldan dori tayyorlash uchun foydalangan. Sanoat darajasidagi propilen glikol toksik material hisoblanadi.
Shuningdek, kompaniya O‘zbekistonda sotilgan siroplarining ingridiyentlarini qo‘llashdan oldin tekshirib ko‘rmagani ma’lum qilingan.
Ma’lumot uchun, Hindistonning dori vositalari va kosmetika qoidalariga ko‘ra, ishlab chiqaruvchilar o‘zlari foydalanadigan ingrediyentlarning xavfsizligini ta’minlash uchun javobgar sanaladi.
Marion Biotech'ga sanoat darajasidagi moddani sotgan Maya Chemtech'ga nisbatan hech qanday ayblov qo‘yilmagan. Ammo tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Sog‘liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining 2022 yilning 22 dekabrdagi buyrug‘i bilan “Dok-1 Maks” dori vositalarini dorixonalardan qaytarib olish belgilangan edi.
Shuningdek, Samarqandda “Dok-1 Maks” siropini iste’mol qilish oqibatida 18 nafar bolaning vafot etishi ortidan 7 nafar mas’ul xodim lavozimidan ozod etilgani xabar qilingandi.
28 dekabr kuni Qashqadaryoda “Dok-1 Maks” siropini ichib yana bir bola hayotdan ko‘z yumgani e’lon qilindi.
Shundan so‘ng Davlat xavfsizlik xizmatining Tergov boshqarmasi tomonidan “Quramax medikal” MCHJ hamda “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilar DXX Tergov hibsxonasiga joylashtirilgandi.
Keyinroq Hindistonning “Marion Biotech Pvt. Ltd” kompaniyasi ushbu dorilarni ishlab chiqarishni to‘xtatgani ma’lum qilindi.
Shuningdek, mazkur komaniya tomonidan ishlab chiqarilgan barcha turdagi dori vositalarining savdosi ham to‘xtatildi.
2023 yil 2 yanvar kuni Farg‘onada 3 yashar bola “Dok-1 Maks” siropini ichishi oqibatida doridan o‘tkir zaharlanish tashxisi bilan davolanayotgani ma’lum qilindi. Sirdaryo viloyatida ham “Dok-1 Maks” siropidan 7 bemor zaharlangani, ularning 4 nafari sog‘aygani va 3 nafari ayni vaqtda jonlantirish bo‘limida ekani haqida xabar berilgandi.
Avvalroq, “Dok-1 Maks” tarkibida me’yordan 300 baravar ortiq zaharli modda borligi aniqlandi.
LiveBarchasi