“Dok-1 Maks”dan “kuygan” O‘zbekiston Hindiston bilan farmatsevtika xavfsizligini muhokama qildi
Jamiyat
−
18 Oktabr
2933O‘zbekiston Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi direktori Alisher Temirov Hindiston dori vositalari standartlarini nazorat qilish markaziy tashkiloti vakili Ranga Chandrashekxar bilan farmatsevtika sohasida sifat va xavfsizlik masalalarini muhokama qildi. Bu haqda Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi xabar berdi.
Unga ko‘ra, joriy yilning 16 oktyabr kuni o‘zbekistonlik delegatsiya vakillari Hindistonning giyohvand moddalarni nazorat qilish bo‘yicha Markaziy tashkiloti (CDSCO) rasmiylari bilan uchrashuv o‘tkazgan. Uchrashuv davomida esa farmakonazorat tizimini rivojlantirish, farmatsevtika mahsulotlarining nojo‘ya ta’sirlarini kamaytirish va potensial xatarlarning oldini olish imkoniyatlari ko‘rib chiqilgan.
“Mazkur yo‘nalishda xalqaro hamkorlikni kuchaytirish orqali xalq salomatligini ta’minlash muhimligi qayd etildi. Shuningdek, markaz direktori Alisher Temirov O‘zbekiston farmbozoriga sifatsiz va soxta dori vositalarining kirib kelishining oldini olish uchun samarali mexanizmlar ishlab chiqish muhimligi, bu borada aniq choralar belgilab olish va reglament hujjatlarining haqiqiyligini tekshirishda yaqin hamkorlik qilish zarurligini alohida ta’kidladi”, deyiladi xabarda.
Hindiston tomoni esa sifat nazoratidan o‘tmagan farmatsevtika mahsulotlarining O‘zbekiston bozoriga kirib borishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun o‘zining ichki nazorat mexanizmlarini yanada takomillashtirish va Markaz bilan hamkorlikni kuchaytirishga tayyor ekanligini bildirgan.
Muzokaralar yakunida har ikki tomon yuqorida qayd etilgan yo‘nalishlarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qo‘shma memorandum imzolashga kelishib olgan.
Ma’lumot uchun, 2022 yilning dekabr oyida O‘zbekistonda Hindistonning “Dok-1 Maks” tabletka va siropidan jami 70 nafarga yaqin bolaning o‘lim holati kuzatilgan. Mazkur dori savdosi butkul to‘xtatilib, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. Ko‘rib chiqilgan sud ishi yakuni bo‘yicha esa jami 19 kishi jazolangan.
Ular orasida 1972 yilda Hindiston Respublikasida tug‘ilgan, “Quramax Medical” MCHJ direktori lavozimida ishlagan Singx Ragvendra Pratap ham bo‘lib, u Jinoyat kodeksining 184-moddasi 3-qismi, 186-3-moddasi 4-qismi “a”, “b” bandlari, 211-moddasi 3-qismi “a” bandi, 213-moddasi 3-qismi “a” bandi va 228-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlari, 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, unga nisbatan 20 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilangan. Jazoni o‘tab bo‘lganidan keyin esa Hindiston fuqarosi Singx Ragvendra Pratapni O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga chiqarib yuborish belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, "Dok-1 Maks" ishi bo‘yicha aybdorlarga sud hukmi o‘qilgani haqida joriy yilning fevral oyida QALAMPIR.UZ maxsus reportaj tayyorlagan edi.
Maryam Choriyeva
LiveBarchasi