“Quramax” sudda yutib chiqdi
Intervyu
−
13 may 2023
34921Shu yilning 13 yanvar kuni Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining “Quramax Medikal” MCHJga farmatsevtika faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan litsenziyaci bekor qilingan edi.
Shuningdek, sud qarori bilan korxonaga tegishli bir necha million dollarlik barcha turdagi dori vositalari yo‘q qilinishi belgilangandi. Mazkur sud qarori ustidan Toshkent shahar iqtisodiy sudiga kiritilgan appelatsiya shikoyati ham foyda bermagach, “Quramax” korxonasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga kassatsiya tartibida shikoyat arizasini kiritgan va sudda g‘olib bo‘lgan. Bu haqda korxona advokati, yurist Davron Ahmatov QALAMPIR.UZ muxbiri bilan suhbatda ma’lum qildi.
“Kassatsiya sudi ishni ko‘rib chiqib, quyi sudlarning qarorlarini bekor qildi. Qarorning dori vositalarinining barchasini yo‘q qilish haqidagi qismini o‘zgartirib, Farmasevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi da’vosining faqatgina “Dok-1 Maks” va “Ambronol” dori vositalarini yo‘q qilish qismi qanoatlantirib, korxonaning barcha dorilarini yo‘q qilish haqidagi qaror bekor bo‘ldi”, dedi Ahmatov.
Ammo bu qaror bekor bo‘lguncha, O‘zbekistondagi dorixonalardan “Quramax Medikal”ning barcha dorilari allaqachon olib tashlangan va hatto olib tashlanmaganlari yuzasidan “Yuksalish” umummilliy harakati tekshiruv o‘tkazgan edi.
“Monitoringdan ma’lum bo‘lishicha, ayrim dorixonalarda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan sotuvi to‘xtatilgan dori vositalari erkin sotuvda mavjud. Xususan, Qashqadaryo viloyati (Qarshi shahri) va Surxondaryo viloyatining ayrim dorixonalarida (Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Surxon Markaziy”, “Do‘stlik” mahallalarida) Hindistonning “Marion Biotech Pvt. Ltd.” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan “Nolgripp Junior” yo‘talga qarshi siropi, “Travamaks”, “Nolgripp” va “Sinepar” tabletkalari va pastillari dorixona rastalarida mavjudligi aniqlangan”, deya yozilgan edi “Yuksalish”ning tahlilida.
Xo‘sh, SSV va “Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan “ta’qiqlangan” va “noqonuniy” deb aytilgan bu dorilar endi “qonuniy”ga aylandi. Endi korxonaning zararini kim qoplaydi?
“Quramax Medikal” MCHJ dori vositalarining asossiy va noqonsniy to‘xtatib qo‘yilishi ortidan juda katta moddiy zarar ko‘rdi va haligacha zarar ko‘ryapti. Axir bular tosh emas dorilar. Ularning yaroqlilik muddati bor. Shuning uchun asossiz ravishda sotilishi to‘xtatib qo‘yilgan dori vositalarining muddati o‘tishidan bugun biz zarar ko‘ryapmiz. Bu moddiy zarar. Shuningdek, biz reputatsion jihatdan ham ziyon ko‘rdik. Endi korxonaning oldingi obro‘sini qaytarishga vaqt, pul va imkoniyat kerak. Shuning uchun, davlat organlari sud qarori chiqmasdan, tergov organlarining xulosasi bo‘lmasdan, jinoyat ishlari bo‘yicha sudning hukmi chiqmasdan turib oldindan xulosa chiqarmasligi kerak edi”, dedi yurist.
Shuningdek, u korxona ko‘rilgan moddiy zarar uchun davlat organlarining o‘zini sudga bermoqchiligini ma’lum qildi. Bundan tashqari “Quramax Medikal” MCHJ Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan bekor qilingan litsenziyasini yana qayta tiklamoqchi.
Ma’lumot uchun, 13-14 aprel kunlari poytaxtda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston –Hindiston sog‘liqni saqlash xalqaro forumi davomida ham Hindistonning O‘zbekistondagi elchisi “Dok-1 Maks” mavzusiga qaytib, Hindiston O‘zbekistondagi bolalar o‘limi holatini oson qabul qilmagani, bu voqeadan ular ham birdek tashvishda ekanini aytgan edi.
“Biz ochiqchasiga tan olishimiz kerak, o‘tgan yilning dekabr oyida mamlakatda hind kompaniyalari tomonidan etkazib berilgan ifloslangan dori vositalarini haddan tashqari ko‘p dozada qabul qilish bilan bog‘liq noxush o‘lim holatlari kuzatildi.
Janob vazir, sizni ishontirib aytmoqchimanki, Hindiston bu voqeani, albatta, yengil qabul qilmaydi. Biz buni juda jiddiy qabul qilamiz. Biz 30 milliard dollardan ortiq farmatsevtika mahsulotlarini dunyoning hamma joyiga, shu jumladan AQSH va Yevropa kabi rivojlangan va yaxshi tartibga solinadigan mamlakatlarga yetkazib beramiz.
Hindiston dunyo dorixonasi qiyofasiga ega. Biz Hindistonning obro‘siga putur yetkazilishini aslo istamaymiz. Albatta, O‘zbekiston hukumati va Hindiston hukumati mudhish voqea bo‘yicha o‘zaro muloqot olib bormoqda. Qarshi chora sifatida Hindistondagi tegishli zavodlarning litsenziyalarini to‘xtatib turildi.
Ayrim hibsga olinganlar bilan esa tergov harakatlari olib borilmoqda. Shuning uchun barchangizga endi xavotirlarsiz Hindistondan O‘zbekistonga import va tibbiy aksessuarlar eksport qilinishda davom etishingizni istardim.
Iltimos, biz eng yaxshi sifat, eng yaxshi standart sifatida ishlayotganimizga ishonch hosil qiling. O‘zbekiston 36 million kishilik katta bozor va bu yerda sog‘liqni saqlash tizimi bor. O‘zbekiston hukumatining sog‘liqni saqlash sohasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratayotgani tahsinga sazovor va bu yo‘lda Hindiston asosiy hamkor, do‘st sifatida turishi va O‘zbekistonda ushbu sohani rivojlantirish uchun hamma narsani qilishi kerak”, degan edi Hindistonning O‘zbekistondagi elchisi Manish Prabxat vazir Amrillo Inoyatovga yuzlanib.
QALAMPIR.UZ esa mavjud imkoniyatdan foydalanib O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziriga mikrafon tutgan va undan “Dok-1 Maks” bo‘yicha kasallangan boshqa bolalarning ahvoli qandayligi haqida so‘ragandi.
“Biz noyabr-dekabr oylarida respublikaning barcha hududlaridan “Dok-1 Maks”dan kasallangan 30 nafar bolalarni “Bolalar milliy markazi”ga olib kelib, 100 foiz davolab, hammasini oilasining bag‘riga qaytarganmiz. Oxirgi uch oyda bitta ham kasallanish holati kuzatilmadi”, dedi vazir savolga javoban.
Mavzuga doir to‘liq videoni QALAMPIR.UZ’ning Youtube sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.
LiveBarchasi