Diqqat! Toshkentdagi shifoxonalar bolalar bilan to‘ldi
Jamiyat
−
24 noyabr 2023
23802Kecha, 23 noyabr kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi muhim bayonot bilan chiqib, bolalar orasida O‘RVI kasalligi tarqalayotgani, buning oqibatida poytaxtdagi bolalar klinik shifoxonalariga yuklamalar ortganini ma’lum qildi. Bu xabar ortidan tarmoqlarda vahima ko‘paydi. Xo‘sh, vaziyat haqiqatdan ham og‘irmi, O‘RVI ham koronavirusdek xavfli va yuqumli kasallikmi, bemor bolalarga shifoxonalarda joy yetarlimi? Mazkur savollarga Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Muattar Abdullayevadan javob oldik.
“Butun dunyo kabi O‘zbekistonda ham o‘tkir respirator kasalligi tarqalgan. Bu kasallik mavsumiy kasallik hisoblanadi. Har yili kuz faslida boshlanadi. Kasallik, asosan, hamma yoshdagi bolalarda uchraydi. Shuningdek, homiladorlar va aholining boshqa qatlamlari ham O‘RVI bilan kasallanishi mumkin. Kasallikning burun oqishi, tomoq qizarishi, harorat ko‘tarilishi kabi belgilari bor”, deydi mutaxassis.
Shuningdek, O‘RVI kasalligi odatiy gripp kabi kechsa-da, u ko‘kyo‘tal, gripp, shamollash va COVID-19 ning shtamplaridan farqlanadi.
“O‘RVIning asosiy belgilari sifatida tomoq qizarishi, burun oqishi, harorat ko‘tarilishini aytish mumkin. Ko‘kyo‘tal kasalligining asosiy belgisi esa qattiq yo‘tal. Bugungi kunda har bir kasallik bo‘yicha ixtisoslashgan shifoxonalar mavjud. Ko‘kyo‘tal kasalligiga chalinganlar uchun 3-yuqumli kasalliklar shifoxonasi, qizamiq kasalligiga chalinganlar uchun esa 2 va 5-yuqumli kasalliklar shifoxonasi tayyorlab qo‘yilgan”, dedi Muattar Abdullayeva.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu kasallik har yili mavsumiy tarzda kuzatiladi va poytaxt megapolis hisoblangani uchun shaharda kasallanish holatlari ko‘p kuzatiladi. Shu sababli ham tibbiy xizmat sifatini yaxshilash va qo‘shimcha o‘rinlar yaratish choralari ko‘rilmoqda.
“Bu mavsumiy kasallik bo‘lgani uchun tayyorgarlik ishlari sentyabr oyidan boshlanadi. Sog‘liqni saqlash vazirligi, hududiy SSBlarda shtab tuzilgan. Bu shtabning asosiy faoliyati shu kasallikning oldini olish va kasallikka chalingan fuqarolarga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish. Bugungi kunda Toshkent shahrida 350 dan ziyod qo‘shimcha o‘rinlar ochilgan. Shuningdek, Zangiota-1 shifoxonasida ham bemorlar uchun joy ajratilgan”, deydi u.
Kuni kecha Sog‘liqni saqlash vazirining nafas yo‘llari yuqumli kasalliklariga chalingan bolalarni joylashtirish uchun Zangiota tumanida yana 200 ta qo‘shimcha o‘rin tayyorlash haqidagi topshirig‘ini Muattar Abddullayeva quyidagicha izohladi:
“Kuz faslida O‘RVI, yozda O‘IK (o‘tkir ichak kasalliklari) kabi kasalliklar uchraydi. Shunday vaziyatlarda shifoxonaga yaqin hududdagi bemorlarni olib kelish maqsadida Zangiota-1 kasalxonasida qo‘shimcha o‘rinlar ochilgan”, deydi u.
Ma’lumki, bolalar orasida kasallik tarqalgan holatda maktablarda karantin qoidalari yo‘lga qo‘yilishi zarur.
“Har bir maktabda shifokor va hamshiralar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ular tomonidan har bir o‘quvchi maktabga kirayotganda tekshiriladi va maktabga kiritiladi. Bolalar orasida harorati ko‘tarilgan yoki O‘RVI belgilari sezilgan bolalar esa darhol uyga qaytarib yuboriladi”, deydi Muattar Abdullayeva.
Odatda ota-onalar isitma va burun oqishi bilan kechadigan kasalliklarni oddiy shamollash deb qabul qiladi va farzandini uy sharoitida odatiy antibiotik dorilar bilan davolaydi. Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, bolada bunday alomatlar kuzatilgan taqdirda tibbiy brigada tarkibidagi shifokorlarga murojaat qilish kerak.
“Har bir oilaviy poliklinikalarda 2 ming aholiga bittadan tibbiy brigada tashkil qilingan. Bugungi kunda ularning barchasi aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishmoqda. Harorati ko‘tarilgan yoki burni oqishni boshlagan har bir bemorni birinchi navbatda tumandagi oilaviy poliklinikaga olib borish shart. Ota-onalar o‘zlari bilganicha davo choralarini ko‘rmasliklarini so‘ragan bo‘lar edim. Oilaviy shifokor har bir bemorni individual ko‘radi va shunga qarab davolaydi”, deydi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari.
Havo haroratining sovishi va virusli kasalliklar avj oladigan mavsumning boshlanganini inobatga olgan holda ota-onalardan farzandlariga e’tiborli bo‘lishni, yuqoridagi alomatlar kuzatilgan taqdirda o‘zbilarmonlik bilan davolamay, shifokorga murojaat qilishni tavsiya qilamiz. Shuningdek, jamoat joylarida iloji boricha niqob taqib yurish va gigiyena qoidalariga amal qilishni unutmang! QALAMPIR.UZ`ni kuzatishda davom eting!