Toshkentda yongan Tesla’ga qasddan o‘t qo‘yilgani ma’lum bo‘ldi (video)
3-sahifa
−
18 aprel
8915Avvalroq, Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanida elektromobil yonib ketgani xabar qilingandi. Keyinroq esa ijtimoiy tarmoqlarda noma’lum shaxs avtoturargohda turgan mazkur avtomashinani yoqib yuborgani aks etgan video tarqalib, turli muhokamalarga sabab bo‘ldi. Mazkur holat yuzasidan poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, kecha, 17 aprel kuni taxminan soat 23:40 larda Mirzo Ulug‘bek tumani Yalang‘och dahasi hududida joylashgan avtoturargohlarning birida 1988 yilda tug‘ilgan M.J. o‘zaro kelishmovchilik sababli tanishi 1983 yilda tug‘ilgan N.K. ga tegishli Tesla rusumli avtomashinani yoqib yuborgan. Ko‘rilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida fuqaro M.J. ushlangan.
Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 173-moddasi (Mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrining Chilonzor tumani Furqat ko‘chasida quvvat olayotgan elektromobil yonib ketgandi. Yong‘in oqibatida halok bo‘lgan va jabrlanganlar bo‘lmagan.
LiveBarchasi