Eng dahshatli jinoyat sudi boshlandi. “QURAMAX” rahbariga uy qamog‘i so‘raldi
Jamiyat
−
11 avgust 2023
11983O‘zbekistonda “Dok-1 Maks” dori vositasidan jami 65 nafar bola vafot etgan. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov kecha, 10 avgust kuni xabar berdi.
Tasdiqlangan ayblov xulosasiga ko‘ra sodir etilgan jinoyatlarda umumiy hisobda 21 kishi ayblanmoqda. Ularga oid jinoyat ishi esa bugun, 11 avgust kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida sudya Musa Yusupov raisligida birinchi instansiyada ko‘rib chiqildi.
Sudlanuvchilarning 16 nafari erkak va 5 nafari ayol bo‘lib, ularning 7 tasiga “qamoqqa olish”, 12 tasiga “munosib xulq-atvorda bo‘lish to‘g‘risida tilxat” va 2 tasiga “garov” tarzidagi ehtiyot choralari qo‘llanilgan.
Soat 10:00ga belgilangan, ammo 2 soatdan keyin, ya’ni 12:00da boshlangan sud majlisida ayblanuvchilarning barchasi, jabrlanuvchilarning esa atigi ikki nafari ishtirok etdi. Unda sudlanuvchilar ayblanayotgan moddalar o‘qib eshittirildi.
Ular Jinoyat kodeksining quyidagi moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda:
1. 184-modda – soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash;
2. 28-modda – jinoyat ishtirokchilarining turlari;
3. 186-3-modda – sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni o‘tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish, shuningdek, tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish;
4. 25-modda – jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish;
5. 205-modda – hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish;
6. 207-modda – mansabga sovuqqonlik bilan qarash;
7. 209-modda – mansab soxtakorligi;
8. 210-modda –pora olish;
9. 211-modda – pora berish;
10. 212-modda – pora olish-berishda vositachilik qilish;
11. 228-modda – hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish.
Advokati mavjud bo‘lmagan sudlanuvchilarga esa davlat tomonidan advokatlar biriktirildi.
Sudda ayblanuvchi “Quramax Medikal” MCHJ direktori, Hindiston Respublikasi fuqarosi S.R.P.ning advokati Davron Ahmatov o‘z himoyasidagi shaxsning diniy e’tiqodi, sog‘lig‘i va vegetarianligi, go‘sht yemasligini inobatga olib unga nisbatan qo‘llanilgan qamoq ehtiyot chorasini, uy qamog‘i yoki boshqa yengilroq turdagi jazoga o‘zgartirishni aytib, sudga iltimosnoma kiritdi.
Zalda o‘tirgan boshqa advokatlar esa uni qo‘llab-quvvatladi yoki qanday qaror qabul qilishni sudga havola qildi.
Advokat Ahmatovning bu iltimosiga faqatgina ikki jabrlanuvchi qarshi chiqdi.
“Axir eng asosiy ayblanuvchi shu-ku? Qanday qilib ozodlikka chiqadi? Mening e’tirozim bor”, dedi jabrlanuvchi bolalardan birining otasi Feruz Nuradinov.
Sudya esa advokatning ayblanuvchi Hindiston fuqarosi S.R.P.ga yengilroq ehtiyot chorasi berish haqidagi iltimosnomasini rad etdi.
Jamoatchilik shu paytgacha “Dok-1 Maks” dori vositasi sabab O‘zbekistonda 20 nafar bola vafot etgan, degan fikrda edi. Kecha, 10 avgustda e’lon qilingan raqamlar esa undan ancha ko‘p 65 nafar. Bugungi sud majlisiga kelgan atigi ikki nafar jabrlanuvchi esa vafot etgan bolalar soni 65 nafardan ham ko‘p bo‘lishi mumkinligini aytmoqda.
“Menimcha, vafot etgan bolalar, jabrlanuvchilar ko‘rsatilgan raqamlardan ko‘proq. Nogiron bo‘lib qolgan bolalar qancha”, dedi Feruz Nuradinov.
Boshqa bir ota-ona esa aynan shu dori sabab kunda-kunora bolalar vafot etganining guvohi bo‘lganini bildirdi.
“Biz 5 oy davomida shifoxonada edik. Shu dori sabab kunda-kunora o‘lim holatlari kuzatilgan paytlar ham bo‘ldi”, dedi u.
Eng yomoni esa shu paytga qadar jabrlanuvchilarga dori-darmon bo‘yicha na vazirlik, na Dori vositalarini standartlashtirish markazi va “QURAMAX”ning hindistonlik direktori, na boshqa ayblanuvchilar yordam taklifi bilan chiqqan.
“Biz order qildirganmiz. Operatsiya va davolash xarajatlari bepul. Ammo dori-darmonlar masalasida hech kim yordam bergani yo‘q. Sog‘liqni saqlash vazirligi, “QURAMAX” kompaniyasiga ham aloqaga chiqdik. Lekin hech kim hech qanday yordam bermadi”, demoqda jabrlanuvchining otasi.
Farzandlari “Dok-1 Maks” dori vositasi sabab nogiron bo‘lib qolgan ikki ota, bugun suddan eng oliy jazoni so‘ramoqda. Ulardan adolatni kutmoqda.
“Men suddan eng adolatli jazoni kutyapman. Jazo eng qat’iy bo‘lishi kerak”, dedi Hasanov.
Boshqa bir bolaning otasi esa suddan odilona qaror qabul qilishini kutayotgani, barchasi ularning vijdoniga havola ekanini aytmoqda.
Sud esa 16 avgustga qadar tanaffus e’lon qildi.
LiveBarchasi