Ma’muriy sudlar 1 yilda 2,5 mingdan ortiq qarorni bekor qilgan
Jamiyat
−
10 fevral
2339O‘zbekistonda 2024 yilda 2 581 nafar shaxsga nisbatan birinchi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 2 945 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirildi. Bu haqda Oliy sud tomonidan e’lon qilingan statistikada keltirilgan.
Qayd etilishicha, 2024 yilda jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 740 994 nafar shaxsga nisbatan 613 142 ta ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqilib, 469 568 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy jazolar qo‘llanilgan. Yarashilgani munosabati bilan 94 886 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikdan ozod etilgan.
Ko‘rilgan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarning aksariyatini mayda bezorilik, avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish faoliyati bilan litsenziyasiz shug‘ullanish, ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik, haqorat qilish, elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish qoidalarini buzish, transport vositalari haydovchilarining yo‘l harakati qoidalarini buzishi jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yoki ancha miqdorda moddiy zarar yetkazilishiga olib kelishi, savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish, jamoat joylarida alkogol mahsulotini iste’mol qilish, transport vositalarini mast holda boshqarish va sovuq qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanishi mumkin bo‘lgan ashyolarni olib yurish bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarliklar tashkil etadi.
Apellyatsiya tartibida 9 899 nafar shaxsga nisbatan 8 297 ta ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqildi. 2 581 nafar shaxsga nisbatan birinchi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 2 945 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirilgan.
Kassatsiya tartibida 7 124 nafar shaxsga nisbatan 6 657 ta ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqilgan. 2 644 nafar shaxsga nisbatan birinchi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 1 863 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirilgan.
Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan taftish tartibida 1 919 nafar shaxsga nisbatan 1 769 ta ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqilgan. 359 nafar shaxsga nisbatan quyi sudlar tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 464 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oliy sud O‘zbekistonda 2024 yilda iqtisodiy sudlar tomonidan 390 ta qaror bekor qilinib, 253 tasi o‘zgartirilgani xabar qilingandi. Bundan tashqari, o‘tgan yilda iqtisodiy sudlar tomonidan birinchi instansiyada 436 102 ta ish ko‘rib chiqilib, hal etilgan va shundan da’vogarlar foydasiga 27,5 trillion so‘m undirish haqida sud qarorlari qabul qilingan.
LiveBarchasi