YTHda vafot etgan sud raisi dam olish kuni majlisga chaqirilganmidi?

Jamiyat

image

Avvalroq, Jinoyat ishlari bo‘yicha Tomdi tuman sudining raisi Aziza Mirzayeva yo‘l-transport hodisasiga uchrab, vafot etgani haqida xabar berilgan edi. Huquq faoli Abdurahmon Tashanov uning dam olish kuniga bo‘lishiga qaramay majlisga chaqirilganini yozdi. Oliy sud holat yuzasidan munosabat bildirdi.

“Bilishimizcha, dam olish kuni bo‘lishiga qaramay Oliy sud rahbariyati butun sudlov tizimi uchun majlis o‘tkazgan. Rahbariyat topshirig‘iga ko‘ra, shahar va tuman sudlari rahbarlari o‘z kabinetlaridan VKS orqali ishtirok etishi lozim edi”, deb yozgan Tashanov.

Oliy sud munosabatida aytilishicha, mazkur ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. 2026 yil 15 avgust kuni Oliy sud tomonidan hech qanday majlis belgilanmagan va o‘tkazilmagan. Shuningdek, ularning dam olish kuni xizmat joyiga kelishini talab qiluvchi hech qanday topshiriq berilmagan.

Bildirilishicha, hodisaning kelib chiqish sabablari va boshqa holatlariga huquqiy baho vakolatli organlar tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda beriladi.

“Tekshiruv yakunlanmasdan turib marhumaning qayerga va qanday maqsadda yo‘l olgani yoki hodisa sabablari haqidagi taxminlarni tasdiqlangan fakt sifatida tarqatish o‘rinsizdir.
 
Bunday vaziyatlarda axborot tarqatuvchi har bir shaxs, eng avvalo, insoniylik, vijdon, hamdardlik va mas’uliyat mezonlarini unutmasligi lozim”, deyiladi Oliy sud munosabatida.

Shuningdek, idora qonunchilikka muvofiq axborot tarqatuvchi shaxs tarqatayotgan ma’lumotining haqqoniyligini oldindan tekshirishi shartligini eslatib o‘tgan.

“Oliy sud ommaviy axborot vositalari, blogerlar va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini marhumaning xotirasiga va uning yaqinlari qayg‘usiga hurmat bilan munosabatda bo‘lishga, fojiani axborot manipulyatsiyasi yoki shov-shuv vositasiga aylantirmaslikka, tekshirilmagan ma’lumot va asossiz taxminlarni tarqatmaslikka chaqiradi”, deyiladi xabarda.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing