Advokat qotillik ishida ChatGPT’ga ishonib, sudga uydirma guvohlarni kiritdi

Olam

image

AQSHda advokat qotillikda ayblangan mijozining ishini apellyatsiya qilish uchun sudga ChatGPT yordamida tayyorlangan, soxta guvohlar va uydirma politsiya ko‘rsatmalari keltirilgan hujjatni topshirdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Nyu-Meksiko Oliy sudi advokat Stiven Aaronzni hujjatdagi ma’lumotlarning to‘g‘riligini tekshirmagani uchun 5 ming dollar jarimaga tortgan va uni sudga hurmatsizlik qilgan deb topgan. Shuningdek, advokat intizom kengashiga tekshiruv uchun yuborilishi bildirilgan.

Ma’lum qilinishicha, sud hujjatida butunlay o‘ylab topilgan guvohlarning yolg‘on ko‘rsatmalari bo‘lgan. Jumladan, otishmani sodir etgan shaxs qora shim va oq ko‘ylak kiygan degan uydirma ma’lumot ham kiritilgan.

Aaronzning aytishicha, u o‘tgan yili sudlanuvchining apellyatsiya ishini olishga rozi bo‘lganidan so‘ng sud jarayoni bayonnomasi va boshqa materiallarni ChatGPT’ga yuklagan. Advokat dastur ularga asoslanib mukammal xulosa tayyorlaydi, deb o‘ylagan.

U sun’iy intellekt mavjud bo‘lmagan faktlarni o‘zi yaratib yuborishi mumkinligini yetarlicha tushunmaganini tan olgan.

“Men bundan afsusdaman va intizom kengashi buni halol xato sifatida hisobga oladi, deb umid qilaman”, degan Aaronz.

Uning ta’kidlashicha, bu holat kuchli, ammo ba’zida xato qilishi mumkin bo‘lgan texnologiyadan foydalanadigan barcha mutaxassislar uchun saboq bo‘lgan.

Nyu-Meksiko Oliy sudi esa advokatning sun’iy intellekt xatolari haqida yetarlicha ma’lumotga ega bo‘lmaganidan hayratlangan. Sudya Shennon Beykon advokatlarning SI gallyutsinatsiyalariga tayanishi muammosi har kuni ommaviy axborot vositalarida yoritilayotganini aytgan.

U 21 avgustdagi sud majlisida kompyuter tomonidan yaratilgan sud bayonnomasi va ishga oid boshqa materiallarni ChatGPT’ga kiritganini qayd etgan.

Sudning bu qarori AQSHda advokatlarning sun’iy intellekt yordamida tayyorlangan hujjatlarni yetarlicha tekshirmasdan sudga taqdim etishi bilan bog‘liq so‘nggi holatlardan biridir. Avval ham o‘nlab advokatlar SI tomonidan o‘ylab topilgan sud ishlari bo‘yicha havolalar yoki qonunlarning noto‘g‘ri keltirilishi sabab jazolangan.

Biroq Aaronzning ishi ulardan farqli ravishda SI tomonidan nafaqat huquqiy ma’lumotlar, balki guvohlar va ularning ko‘rsatmalari ham o‘ylab topilgani bilan ajralib turadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq joriy yangi o‘quv yilidan boshlab AQSHning Nyu-York shahridagi davlat maktablarida boshlang‘ich va o‘rta sinf o‘quvchilarining sun’iy intellekt vositalaridan foydalanishi taqiqlangani xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing