Odamlar SI bilan doimiy muloqot sababli chat-botlar kabi gapirishni boshladi – WSJ

Texnologiya

−

image

ChatGPT, Claude va boshqa neyrotarmoqlardan muntazam foydalanadigan odamlar chat-botlarga xoslikni oddiy suhbatlarga, ishchi yozishmalarga va hamkasblar bilan muloqotga ko‘chira boshladi. Bu haqda “The Wall Street Journal” yozmoqda.

Nashr Stokgolmdagi venchur kompaniyasi hamkori Sara Vimmerkransni misol qilib keltiradi. Yaqinda u ishchi uchrashuvni “Bu ertalabki uchrashuv emas, bu qayta yuklanish” degan jumla bilan boshlagan – bu chat-botlar javoblariga xos bo‘lgan qarama-qarshi qo‘yish konstruksiyasidir. Uning so‘zlariga ko‘ra, xodimlar tobora ko‘proq qisqa, ta’sirchan iboralarni va “daholik” yoki “juda aqllisan” kabi noodatiy darajadagi ko‘tarinki maqtovlarni qo‘llamoqda.

Ba’zilar bunday iboralarni “Claude tili” deb atamoqda. Startaplardan birining rekruting bo‘limi rahbari Uill Barnettning WSJ’ga ma’lum qilishicha, uning shaxsiy xatlari va Slack’dagi xabarlari yanada rasmiyroq va “shaxssizroq” bo‘lib qolgan. Hozirda u neyrotarmoq tomonidan generatsiya qilingan matnga kamroq o‘xshashi uchun o‘zi mustaqil yozgan matnni tahrirlab turadi. 

“U meni o‘ziga ko‘proq o‘xshashga o‘rgatdi, aksincha emas”, deydi Barnett.

Startap asoschilari muhitida yana bir fenomen – “g‘or odami nutqi” (cave man speak) paydo bo‘ldi. Foydalanuvchilar SIga topshiriq qo‘yadigan o‘ta qisqa buyruqlar, masalan “Nega belgilangan ro‘yxat yo‘q?” shunday ataladi. SI bo‘yicha konsultant Elli K. Millerning aytishicha, bunday uslub allaqachon promptlardan kundalik muloqotga o‘tgan.

Neyrotarmoqlar bilan o‘zaro ta’sir qilish manerasi ishchi uchrashuvlarga ham ta’sir o‘tkazmoqda. Agar kimdir o‘z fikrini juda uzoq tushuntirsa, hamkasblari til modeli uchun so‘rov shakllantirishga o‘xshash tarzda “Maqsad nima?” degan savol bilan uning gapini bo‘lishlari mumkin. Bu bir vaqtning o‘zida uchrashuvlarni yozib oluvchi SI-agentlarga aniqroq qaydlar tuzishga yordam beradi.

San-Fransiskodagi SI-startaplaridan birida hatto “promptlar tili”ni hisobga olish uchun maxsus doska tuzilgan. Xodim neyrotarmoqlarga xos iborani qo‘llagan har bir safar belgi oladi. Ro‘yxatga “haqiqatan ham”, “jiddiy ahamiyatga ega”, “rad etib bo‘lmaydigan dalil”, “X – bu yangi Y” konstruksiyasi va defis orqali yoziladigan noodatiy qo‘shma iboralar kirgan. Hafta davomida eng ko‘p belgi to‘plagan kishi ishdan keyingi hamkasblar yig‘ilishi uchun haq to‘laydi.

Shu bilan birga, WSJ suhbatdoshlarining ba’zilari SIga xos til ChatGPT paydo bo‘lishidan ancha oldin ham mavjud bo‘lganini ta’kidlaydi: til modellari uni ko‘p jihatdan biznes adabiyoti, yuridik hujjatlar va korporativ nutqdan o‘zlashtirgan. Biroq neyrotarmoqlarning keng tarqalishi ushbu uslubni kundalik muloqotda sezilarli darajada ko‘zga tashlanadigan qildi.

“Hammaning gapi sayqallangan, ammo hech kimning nutqi alohida qiziqarli tuyulmaydi”, deydi yigirma yildan beri kompaniya rahbarlarini korporativ jargondan xoli qilishga harakat qilayotgan PR-mutaxassisi Anjela Nibbs.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoyning Moonshot AI kompaniyasiga tegishli Kimi sun’iy intellekt modeli xavfsizlik cheklovlarini chetlab o‘tgan tadqiqotchilarga biologik qurol yasash va suiqasd uyushtirish bo‘yicha ma’lumotlar bergani haqida xabar qilingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing