AQSHning sakkizta shtati OpenAI’ni sudga berdi. ChatGPT nimada ayblanmoqda?
Olam
−
16:08 638 4 daqiqa
AQSHning sakkizta shtati sun’iy intellekt sohasida faoliyat yurituvchi OpenAI kompaniyasi ustidan sudga da’vo kiritdi. Bu haqda “Reuters” nashri xabar berdi.
Shtatlar bosh prokurorlarining fikricha, kompaniya iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunlarni buzgan va ChatGPT xavfsizligi haqida jamoatchilikni chalg‘itgan. Ular mahsulotning ishlash tartibini o‘zgartirish, himoya choralarini kuchaytirish va qonunbuzarliklar isbotlangan taqdirda moliyaviy tovon to‘lashni talab qilmoqda.
Xabarlarga ko‘ra, 2026 yil 14 oktyabrda boshlangan mazkur jarayon AQSHda sun’iy intellekt kompaniyasiga qarshi shtatlar darajasida amalga oshirilayotgan eng yirik va o‘zaro muvofiqlashtirilgan huquqiy harakatlardan biri hisoblanadi.
Qaysi shtatlar OpenAI’ni sudga berdi?
2026 yil 14 oktyabr kuni Ayova, Kanzas, Arizona, Arkanzas, Aydaxo, Montana, Nebraska va G‘arbiy Virjiniya shtatlari OpenAI kompaniyasi ustidan sudga shikoyat qilgan.
Shtatlarning bosh prokurorlari da’volarni o‘z hududlaridagi sudlarga mustaqil ravishda kiritgan. Ayrim arizalarda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qonunlari buzilgani, boshqalarida esa yosh foydalanuvchilarni himoyalashga doir talablar chetlab o‘tilgani iddao qilingan.
Ayova shtati bosh prokurori Brenna Byord kompaniyani iste’molchilarni firibgarlikdan himoya qilish to‘g‘risidagi qonunni buzganlikda ayblagan. Uning arizasida ChatGPT xavfsizligi haqidagi bayonotlar bilan mahsulotning amalda ishlash jarayoni o‘rtasida jiddiy tafovut borligi qayd etilgan.
Arizona Bosh prokurori Kris Meys esa kompaniyaning mahsulot dizayni va marketing siyosatini tanqid qilgan. Da’voga ko‘ra, chat-bot foydalanuvchilarga doimiy ravishda ma’qullovchi ohangda javob berishga moyil, insoniy hamdardlikni soxtalashtiradi va odamlarni platformada ko‘proq vaqt o‘tkazishga undaydi.
Nebraska Bosh prokurori Mayk Hilgers iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qonunlaridan tashqari, yoshlarga mo‘ljallangan onlayn xizmatlar dizayniga oid qoidalar ham buzilganini da’vo qilmoqda.
ChatGPT qanday xatti-harakatlarda ayblanmoqda?
Shtatlar da’volarida chat-bot faoliyati bilan bog‘liq bir nechta xavf qayd etilgan.
Birinchidan, ChatGPT ayrim holatlarda hayot uchun xavfli tibbiy maslahatlar berishi mumkinligi aytilmoqda. Da’vogarlarning fikricha, foydalanuvchilar chat-bot javoblariga to‘liq ishonib, noto‘g‘ri va zararli xulosalarga kelishi mumkin.
Ikkinchidan, chat-bot ayrim foydalanuvchilarning asossiz shubhalari va noto‘g‘ri qarashlarini kuchaytirishi, ruhiy jihatdan nozik holatdagi insonlar bilan muloqotda xavfli javoblar qaytarishi mumkinligi ta’kidlangan.
Uchinchidan, shtatlar ChatGPT ayrim suhbatlarda odamlarni o‘z joniga qasd qilishga, boshqalarga zarar yetkazishga yoki zo‘ravonlik harakatlarini rejalashtirishga undaydigan javoblar berganini iddao qilmoqda. Ayrim da’vo arizalarida ommaviy qurolli hujumlarni rejalashtirishga yordam berishi mumkin bo‘lgan holatlar ham keltirilgan.
Shtatlar mazkur holatlarni OpenAI xavfsizlikka doir xatarlarni yetarlicha oshkor qilmagani va iste’molchilarda mahsulot xavfsizligi haqida noto‘g‘ri tasavvur uyg‘otganiga dalil sifatida ko‘rsatmoqda.
ChatGPT’ning insonga o‘xshab muloqot qilishi nega xavotir uyg‘otmoqda?
Da’vogarlar kompaniya mahsulotining muloqot uslubiga ham e’tibor qaratmoqda. Ularning fikricha, ChatGPT foydalanuvchiga o‘ta xushmuomala, hamdard va uning fikrlarini so‘zsiz qo‘llab-quvvatlaydigan yaqin suhbatdoshdek ko‘rinishi mumkin.
Da’vo arizalarida bunday xususiyat, ayniqsa, o‘smirlar va ruhiy jihatdan ta’sirchan insonlar uchun xavf tug‘dirishi mumkinligi ta’kidlangan. Shtatlar vakillarining fikricha, iliq muloqot uslubi foydalanuvchilarning chat-botga ortiqcha ishonishiga va uning javoblarini tanqidiy baholamasligiga olib kelishi mumkin.
Arizona bosh prokurori bayonotida OpenAI chat-botni foydalanuvchilarni platformada uzoqroq ushlab turishga mo‘ljallab ishlab chiqqan, degan ayblov ham ilgari surilgan.
Shtatlar kompaniyadan nimani talab qilmoqda?
Da’volardagi talablar har bir shtatning qonunchiligi va kiritilgan arizalarga qarab farq qiladi. Biroq ularning asosiy talablari quyidagilardan iborat:
- ChatGPT xavfsizligi va foydalanuvchilarni himoya qilish tizimiga jiddiy o‘zgartirishlar kiritish;
- mahsulotning imkoniyatlari va undagi xavf-xatarlar haqida iste’molchilarni chalg‘itmaslik;
- tegishli shtat qonunlari buzilgani isbotlansa, fuqarolik-huquqiy jarimalar va boshqa moliyaviy jazolarni qo‘llash;
- da’volarda ko‘rsatilgan zararlar uchun kompensatsiya to‘lash.
OpenAI ayblovlarga qanday munosabat bildirdi?
OpenAI vakillari ChatGPT’da bolalar xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan maxsus himoya mexanizmlari joriy etilganini va modelni takomillashtirish ishlari davom etayotganini bildirgan.
“Associated Press” agentligining ma’lumotiga ko‘ra, kompaniya o‘z bayonotida “Noto‘g‘ri yo‘nalishga kirib qolgan modellar” ustida doimiy tadqiqotlar olib borilayotganini ma’lum qilgan. Shuningdek, OpenAI ayrim sun’iy intellekt modellarining xavfsizlik bilan bog‘liq xatti-harakatlarini o‘rganayotganini aytgan. Mustaqil tashqi ekspertlar ham uning siyosati va ChatGPT’ning xulq-atvorini muntazam o‘rganib boradi.
OpenAI shtatlar bilan hamkorlik qilishga, shuningdek, nafaqat bitta kompaniya, balki butun sun’iy intellekt sanoati uchun amal qiladigan yagona qoidalarni ishlab chiqishga tayyorligini bildirgan.
Shu bilan birga, kompaniya o‘z faoliyatiga nisbatan bildirilgan barcha ayblovlarni tan olgani yo‘q. OpenAI mavjud himoya choralarini yetarli deb hisoblayotgan bir paytda, da’vogar shtatlar bu choralar foydalanuvchilarni himoya qilish uchun talab darajasida emasligini ta’kidlamoqda.
Marjona Mamaniyozova
Live
Barchasi