Nyu-Yorkda o‘quvchilarga sun’iy intellektdan foydalanish taqiqlandi
Olam
−
18:09 235 2 daqiqa
Yangi o‘quv yilidan boshlab AQSHning Nyu-York shahrigi davlat maktablarida boshlang‘ich va o‘rta sinf o‘quvchilarining sun’iy intellekt vositalaridan foydalanishi taqiqlandi. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.
Qayd etilishicha, bir yillik taqiq sakkizinchi sinfgacha bo‘lgan qariyb 600 ming nafar davlat maktabi o‘quvchisiga taalluqli. Cheklov doirasida hozirda maktablarda qo‘llanilayotgan 40 ga yaqin ta’limga mo‘ljallangan sun’iy intellekt vositasidan foydalanish to‘xtatiladi. Barcha sinflarda o‘quvchilarga mo‘ljallangan chat-botlardan foydalanish ham taqiqlanadi.
Biroq yuqori sinf o‘quvchilari uchun to‘liq taqiq joriy etilmaydi. Ularga yiliga ikki marta sun’iy intellekt savodxonligi bo‘yicha darslar o‘tkaziladi. Shuningdek, ayrim o‘quvchilarga o‘qituvchi nazorati ostida tanlangan sun’iy intellekt platformalaridan foydalanish imkonini beruvchi pilot dasturlar ishga tushiriladi. O‘qituvchilar esa dars rejalarini tayyorlash, jadval tuzish kabi ma’muriy ishlar uchun sun’iy intellektdan foydalanishi mumkin.
Nyu-York meri Zoran Mamdani qarorni bolalar ta’limida insonlar o‘rtasidagi muloqot muhimligi bilan izohlagan. Uning aytishicha, o‘quvchilar bilim olish va rivojlanish uchun o‘qituvchilar hamda tengdoshlari bilan muloqot qilishi, murakkab masalalar ustida mustaqil ishlashi kerak.
Yangi reja sun’iy intellektdan tashqari ekran vaqtiga ham cheklovlar joriy etishni nazarda tutadi. Unga ko‘ra, 3–5-sinf o‘quvchilari uchun ekrandan foydalanish vaqti kuniga 30 daqiqa, 6–8-sinflar uchun esa 45 daqiqa bilan cheklanadi.
Ma’lum qilinishicha, AQSHning kamida 37 ta shtati maktablarda sun’iy intellektdan foydalanish bo‘yicha qandaydir rasmiy ko‘rsatmalarga ega. Biroq mamlakat bo‘ylab yagona standart mavjud emas.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston hukumati tomonidan 16 yoshdan kichik bo‘lgan foydalanuvchilarning ijtimoiy tarmoqlarda ro‘yxatdan o‘tishini taqiqlashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi