Shaxsni sud qarorisiz 48 soatdan ortiq ushlab turish mumkin emas – Konstitutsiyaviy sud

Jamiyat

image

Konstitutsiyaviy sud Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksdan o‘rin olgan shaxsni 48 soatdan ortiq ma’muriy tartibda ushlab turish imkonini beruvchi normani Konstitutsiyaga zid deb topdi hamda mazkur tegishli moddaga o‘zgartirish kiritib, 48 soatdan ortiq ushlab turish faqatgina cudning qarori orqali amalga oshirilishi kerakligini bildirdi. Bu haqda O‘zbekiston Konstitutsiyaviy sudining axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Konstitutsiyaviy sud majlisida shaxsni ma’muriy tartibda 48 soatdan ortiq ushlab turish imkonini beruvchi norma Konstitutsiyaga muvofiqligi ko‘rib chiqilgan. Kecha, 22 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisda Oliy Majlis, Hukumat, Oliy sud, Bosh prokuratura, Ombudsman, IIV, Adliya vazirligi, nodavlat notijorat tashkilotlari va boshqa tashkilotlar vakillari ishtirok etgan.

Masala Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) murojaati asosida ko‘rib chiqilgan. Unda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 288-moddasi (Ma’muriy yo‘l bilan ushlab turish muddatlari) ikkinchi qismida nazarda tutilgan shaxsni 48 soatdan ortiq ma’muriy tartibda ushlab turish imkonini beruvchi n Konstitutsiyaning 27-moddasiga muvofiqligi yuzasidan masala qo‘yilgan.

Amaldagi normaga ko‘ra, chegara tartibini yoki davlat chegarasi orqali o‘tish punktlaridagi tartibni buzgan shaxslar ayrim holatlarda uch sutkagacha, shaxsni tasdiqlovchi hujjati bo‘lmagan taqdirda esa prokuror sanksiyasi bilan o‘n sutkagacha ushlab turilishi mumkin edi.

Konstitutsiyaning 27-moddasida esa shaxs sud qarorisiz 48 soatdan ortiq ushlab turilishi mumkin emasligi belgilangan.

Bildirilishicha, Konstitutsiyaviy sud mazkur normalarda 48 soatdan ortiq ushlab turish zarurati tug‘ilganda sud qarorini olish mexanizmi nazarda tutilmaganiga e’tibor qaratgan. Shu asosda Konstitutsiyaviy sud mazkur normani O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 27-moddasi uchinchi qismiga muvofiq emas deb topgan.

Qarorda yana bir muhim jihat qayd etilgan: shaxsni 48 soatdan ortiq ushlab turish masalasida prokurorni xabardor qilish yoki prokuror sanksiyasi sud qarorining o‘rnini bosa olmaydi.

Mazkur qaror shaxsning erkinligi va shaxsiy daxlsizligini ta’minlash, sud nazoratini kuchaytirish va ma’muriy ushlab turish tartibini Konstitutsiya talablariga muvofiqlashtirish nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga ega.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing