Konstitutsiyaviy sud faoliyatiga raqamli texnologiyalar joriy etiladi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda Konstitutsiyaviy sud faoliyati takomillashtiriladi, shu bilan birga, raqamli texnologiyalar joriy etiladi va alohida binoga joylashtiriladi. Bu haqda Prezidentning bugun, 18 dekabr kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faoliyatini yanada takomillashtirish va zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida so‘z boradi.

Hujjat Konstitutsiyaviy sud faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, fuqarolarning konstitutsiyaviy odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirish hamda sud ishlarini yuritishda shaffoflik va samaradorlikni oshirishga qaratilgan.

Farmon bilan muayyan ish bo‘yicha sud tomonidan qo‘llanilgan qonunning Konstitutsiyaviy sud tomonidan Konstitutsiyaga muvofiq emas deb topilishi sud hujjatini o‘rnatilgan tartibda qayta ko‘rishga asos bo‘ladi. Shu bilan birga, muayyan ish bo‘yicha qo‘llanilishi lozim bo’lgan normativ-huquqiy hujjatning Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risida sudlar tashabbusi bilan Konstitutsiyaviy sudga Oliy sud tomonidan murojaat kiritilishi holatini sudda tegishli ish bo‘yicha ish yurituvini to‘xtatishga asos sifatida belgilanadi.

2026-2027 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faoliyatini raqamlashtiriladi, xususan:

  • sud ishtirokchilarini Konstitutsiyaviy sud majlisining vaqti va joyi haqida “Sud xabarnomasi” elektron xizmati va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining mobil ilovasi orqali Davlat byudjeti hisobidan elektron tarzda xabardor qilinadi;
  • sud majlislari videokonferensaloqa rejimida, shu jumladan, mobil ilovadan foydalangan holda o‘tkazilishini ta’minlanadi;
  • Konstitutsiyaviy sud faoliyati to‘g‘risidagi axborotning ochiqligini ta’minlash maqsadida fuqaro va yuridik shaxslarga interaktiv xizmatlar ko‘rsatadigan axborot tizimlari yaratiladi;
  • odil sudlovni amalga oshirishda zarur bo‘lgan ma’lumotlarni fuqaro va yuridik shaxslarni ovora qilmagan holda vakolatli davlat organlari va tashkilotlaridan elektron shaklda olish amaliyotini yo‘lga qo‘yiladi;
  • sud majlislarini audioyozuv orqali qayd etib borish hamda sud majlisi bayonnomalarini ushbu tizim yordamida shakllantirish yo‘lga qo‘yiladi.

Shu bilan birga, 2027 yil 1 avgustdan boshlab Konstitutsiyaviy sud faoliyatiga quyidagi imkoniyatlarga ega E-KSUD axborot tizimi sinov tariqasida joriy etiladi:

  • Konstitutsiyaviy sudga elektron shaklda murojaat qilish va murojaatlarni ko‘rib chiqish jarayonini onlayn kuzatib boriladi;
  • fuqarolar va yuridik shaxslarga odil sudlovga erishishda qulaylik yaratish maqsadida interaktiv xizmatlar ko‘rsatadi;
  • sud majlislarini jonli efirga uzatish imkoniyati yaratiladi;
  • nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun zarur shart-sharoitlar yaratiladi.

Farmon Konstitutsiya ustuvorligini ta’minlash, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish hamda sud tizimida zamonaviy, ochiq va xalqqa yaqin mexanizmlarni joriy etishga xizmat qiladi.

Konstitutsiyaviy sud faoliyatini tashkiliy-huquqiy va axborot-tahliliy jihatdan samarali ta’minlash maqsadida 2026 yil 1 yanvardan qo‘shimcha 8 ta shtat birligi ajratiladi.

Vazirlar Mahkamasi 2026 yil 1 martga qadar Konstitutsiyaviy sudni alohida binoda joylashtirish, uni rekonstruksiya qilish va jihozlashni nazarda tutuvchi hukumat qarorini qabul qiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Konstitutsiyaviy sud

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing