Konstitutsiyaviy sud prokurorlarning tintuv qilish vakolatini bekor qilishga chaqirdi

Jamiyat

image

Konstitutsiyaviy sud uy-joyda tintuv o‘tkazishni faqat sud qaroriga asosan amalga oshirishga chaqirdi. Bu haqda joriy yilning 6 dekabr kuni Konstitutsiyaviy sud tomonidan o‘tkazilgan O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati bo‘yicha majlisda taqdim etilgan taklifda keltirilgan.

Unga ko‘ra, Konstitutsiyaning shaxsning yozishmalar, telefon orqali so‘zlashuvlar, pochta, elektron va boshqa xabarlarini sir saqlashga bo‘lgan huquqini cheklashni, uy-joyda tintuv o‘tkazishni faqat sud qaroriga asosan amalga oshirishga oid qoidalari asosida Jinoyat-protsessual kodeksi tegishli normalarini qayta ko‘rib chiqish va tegishli qonun loyihasini qisqa fursatlarda Qonunchilik palatasiga kiritish lozim.

Bundan tashqari, shaxsning sukut saqlashga oid konstitutsiyaviy huquqlarini jinoyat protsessida va ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha ish yuritish jarayonida to‘laqonli ta’minlash maqsadida ushbu institutni jinoyat-protsessual, ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi qonunchilikda batafsil aks ettirish kerak.

Ma’lumot uchun, amaldagi Jinoyat protsessual kodeksining 382-moddasiga ko‘ra, tintuv o‘tkazishga, telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarni eshitib turishga hamda ular orqali uzatiladigan axborotni olishga, uy-joy daxlsizligi, yozishmalar, telefon orqali so‘zlashuvlar hamda boshqa so‘zlashuvlar, aloqa tarmoqlari orqali uzatiladigan pochta, kurerlik jo‘natmalari va telegraf xabarlari sir saqlanishi huquqlarini cheklovchi hamda abonentlar yoki abonent qurilmalari o‘rtasidagi bog‘lanishlar haqida axborot olishga qaratilgan tezkor-qidiruv tadbirlarini o‘tkazishga, shuningdek qonunda nazarda tutilgan hollarda, tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsining, surishtiruvchining hamda tergovchining boshqa harakatlariga ruxsat berish prokurorning vakolatlariga kiradi.

Shuningdek, O‘zbekiston Konstitutsiyasining 31-moddasiga ko‘ra, har kim yozishmalari, telefon orqali so‘zlashuvlari, pochta, elektron va boshqa xabarlari sir saqlanishi huquqiga ega. Ushbu huquqning cheklanishiga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yo‘l qo‘yiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Konstitutsiyaviy sud

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing