Iqtisodiy sudlar 1 yilda 400 ga yaqin qarorni bekor qilgan
Jamiyat
−
05 fevral
1624O‘zbekistonda 2024 yilda iqtisodiy sudlar tomonidan 390 ta qaror bekor qilinib, 253 tasi o‘zgartirilgan. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, 2024 yilda iqtisodiy sudlar tomonidan birinchi instansiyada 436 102 ta ish ko‘rib chiqilib, hal etilgan va shundan da’vogarlar foydasiga 27,5 trillion so‘m undirish haqida sud qarorlari qabul qilingan.
O‘tgan davrda eng ko‘p ishlar Toshkent shahar, Toshkent, Surxondaryo, Jizzax va Farg‘ona viloyatlari iqtisodiy sudlari tomonidan ko‘rilib, hal etilgan.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarini huquqiy himoya qilishga oid 68 567 ta iqtisodiy ish ko‘rib chiqilgan hamda ular foydasiga 6,7 trillion so‘m miqdorida mablag‘ undirilishi belgilangan.
Hisobot davrida iqtisodiy sudlarda ko‘rilgan ishlarning asosiy qismini banklardagi hisobvaraqlar bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish, mahsulot yetkazib berish, kommunal xizmat ko‘rsatish, to‘lovga qobiliyatsizlikka oid hamda kredit shartnomalaridan kelib chiqadigan nizolar tashkil etgan.
Apellyatsiya tartibida 6 257 ta iqtisodiy ish ko‘rib chiqilgan. Birinchi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan 852 ta qaror bekor qilinib, 607 ta sud qarori o‘zgartirilgan.
Kassatsiya tartibida 2 250 ta iqtisodiy ish ko‘rib chiqilgan. Birinchi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan 390 ta qaror bekor qilinib, 253 ta sud qarori o‘zgartirilgan.
Taftish tartibida 2 360 ta iqtisodiy ish ko‘rib chiqildi. Quyi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan 255 ta qaror bekor qilinib, 94 ta sud qarori o‘zgartirildi.
Oliy sudning iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan taftish tartibida 426 ta ish ko‘rib chiqildi. Quyi sudlar tomonidan chiqarilgan 136 ta qaror bekor qilinib, 30 ta sud qarori o‘zgartirildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2024 yilda hokim qarorini haqiqiy emas deb topish bilan bog‘liq ko‘rib tamomlangan ishlar soni 2 720 tani tashkil qilib, shundan jismoniy va yuridik shaxslarning 933 ta arizasi qanoatlantirilgani xabar qilingan edi.
LiveBarchasi
Toshkentga tramvay qaytadi.
13 mart