Hindiston O‘zbekistonda bolalar o‘limiga sababchi bo‘lgan siroplarni majburiy sinovdan o‘tkazadi
Olam
−
24 may 2023
7800Hindiston Gambiya va O‘zbekistonda o‘nlab bolalarning o‘limiga aloqador bo‘lgan yo‘tal siroplarini eksport qilishdan oldin sinovlarni majburiy qiladi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
“Har qanday yo‘tal siropi eksport qilinishidan oldin hukumat laboratoriyasi tomonidan berilgan tahlil sertifikatiga ega bo‘lishi kerak, bu 1 iyundan kuchga kiradi”, deyiladi hukumat va mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tarqatilgan xabarda.
Hindistonning 41 milliard dollarlik farmatsevtika sanoati dunyodagi eng yiriklaridan biri hisoblanadi, ammo Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti uchta hind kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan yo‘tal siroplarida zaharli moddalarni topgach, uning obro‘si pasaygan.
Bu shirkatlardan ikkitasi ishlab chiqargan siroplar o‘tgan yili Gambiyada 70, O‘zbekistonda 19 bolaning o‘limiga olib kelgandi.
“Yo‘tal siropi eksport namunasi sinovdan o‘tkazilib, tahlil sertifikati tayyorlanishi sharti bilan eksportga ruxsat etiladi”, deyiladi mamlakat Savdo vazirligi xabarida.
Shuningdek, mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi ichki bozorda sotiladigan yo‘tal siroplari uchun test talab qilinadimi, degan savolga javob bermagan.
Qayd etilishicha, Gambiyadagi bolalar o‘limiga aloqador bo‘lgan “Maiden Pharmaceuticals” shirkati tomonidan ishlab chiqarilgan yo‘tal siroplarining Hindistonda o‘tkazilgan sinovlarida toksinlar topilmagan. Ammo O‘zbekistonda bolalar o‘limiga sababchi bo‘lgan “Marion Biotech” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan ko‘plab dorilarda ifloslantiruvchi moddalar aniqlangan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2022 yilda 20 nafar bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan “Dok-1 Maks” dori vositalarini ishlab chiqargan Hindistonning “Marion Biotech” farmatsevtika firmasining litsenziyasi bekor qilingandi.
LiveBarchasi