Dard ustiga chipqon. Ukrainani sentyabrda yana bir yirik muammo kutyapti
Olam
−
01 iyul 2022
31872Ukraina joriy yilning 1 sentyabriga qadar 1,4 milliard dollar miqdoridagi davlat tashqi qarzini to‘lashi shart. Bu haqda “Bloomberg” o‘z hisob-kitoblariga tayanib, xabar berdi.
“Ukrainaning 1 sentyabrgacha vaqti bor, u 1,4 milliard dollar miqdoridagi qarzni, jumladan foizlarni ham to‘lashi kerak”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, Kiyev muammoni hal qilishning bir necha variantini ko‘rib chiqmoqda. Bir variantga ko‘ra, emitent obligatsiya egasidan chiqarilgan qimmatli qog‘ozlar shartlarini o‘zgartirishni so‘raydi. Boshqa ssenariy garov sifatida muzlatilgan Rossiya aktivlaridan foydalanishni o‘z ichiga oladi.
Nashr suhbatdoshlarining ta’kidlashicha, bunday tashabbusning qonuniyligi noaniqligicha qolmoqda.
"Muammoning yechimini yoz oxirigacha kutmaslik kerak", deya ularning so‘zlarini keltiradi nashr.
Avvalroq, Oliy Radaga Vladimir Zelenskiy Ukrainaning davlat tashqi qarzini hisobdan chiqarish bo‘yicha xorijiy hamkorlar bilan muzokaralarni boshlash talabi bilan murojaat qilgan edi. Tushuntirish xatida mamlakatning tashqi qarzi 56,83 mlrd ekanligi keltirilgan. Joriy yil oxirigacha 3,4 milliard dollar to‘lanishi kerak.
Shu bilan birga, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakatning oylik byudjeti taqchilligini 7 milliard yevroga baholadi, bu esa maoshlar, pensiyalar va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilishi kerak . U “Katta yettilik” mamlakatlari rahbarlaridan Kiyevga 50 milliard dollar ajratishni so‘radi.
May oyi o‘rtalarida AQSH Kongressi Vakillar palatasi Ukrainaga davlat qarzini kamaytirish uchun yordam ko‘rsatish haqidagi qonun loyihasini ma’qullagan edi. Hujjatda aytilishicha, AQSHning “har bir xalqaro moliya institutidagi” vakillari Kiyevga tegishli “qarz xizmati bo‘yicha barcha to‘lovlarni zudlik bilan to‘xtatib qo‘yishni” talab qilishlari kerak. Qonun loyihasida, AQSH Moliya vazirligining tijorat tashkilotlari hamda boshqa mamlakatlar hukumatlaridan “Ukraina uchun qarzdan xalos bo‘lishni” talab qilish harakatlari ham kiritilgan.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi