O‘zbekistonning yalpi tashqi qarzi 82 mlrd dollardan oshdi
Jamiyat
−
02 may 1991 2 daqiqa
2025 yilda O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi 18 mlrd dollarga oshib, 82,2 mlrd dollarga yetdi. Bu haqda Markaziy bankning O‘zbekiston Republikasi to‘lov balansi, xalqaro investitsiyaviy mavqei va tashqi qarzi bo‘yicha hisobotida keltirilgan.
2026 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, xorijdan jalb qilingan davlat tashqi qarzi qoldig‘i 40,5 mlrd dollarni tashkil etgan. Davlat tashqi qarzi qoldig‘ining YAIMga nisbati pasayish tendensiyasini saqlab qolib, hisobot yili yakuniga ko‘ra 2024 yilga nisbatan 0,4 foiz bandga kamayib, 27,5 foizni tashkil etgan. Shuningdek, mazkur qarz mablag‘lari to‘liq uzoq muddatli va asosan imtiyozli shartlar asosida jalb qilingan.
Xo‘jalik sub’ektlari va banklar tomonidan norezidentlardan jalb qilingan korporativ kredit va qarz qoldig‘i 41,7 mlrd dollarni tashkil etgan (YAIMga nisbatan 28,4 foiz). Mazkur mablag‘larning 92 foizdan ortig‘i uzoq muddatli shartlarda jalb qilingan.
Korporativ tashqi qarz tarkibida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritgan xorijiy investorlardan jalb qilingan qarz mablag‘lari qoldig‘i 6,5 mlrd dollarni, xalqaro obligatsiyalar joylashtirish orqali jalb qilingan mablag‘lar qoldig‘i esa 7,3 mlrd dollarni tashkil etgan. Qolgan qismi esa xususiy sektor, jumladan xo‘jalik sub’ektlari va banklar tomonidan investitsiya loyihalarini moliyalashtirish, aylanma mablag‘larni to‘ldirish va biznes faoliyatini kengaytirish maqsadlarida davlat kafolatisiz jalb qilingan kredit va qarzlar hisobiga shakllangan.
Bildirilishicha, Xalqaro valyuta jamg‘armasi hamda xalqaro reyting agentliklari bayonotlarida O‘zbekistonning tashqi qarz yuki o‘rtacha darajada ekanligi (asosan imtiyozli shartlarda olingan) e’tirof etilgan. Bunda, korporativ tashqi qarz bo‘yicha davlat majburiyati mavjud emas, ular bo‘yicha to‘lovlar xo‘jalik sub’ektlari hamda banklarning o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025 yilning to‘qqiz oyi yakunlariga ko‘ra O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi 75,4 mlrd AQSH dollarga yetgani haqida xabar berilgan edi. Keyinroq, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi mamlakat tashqi qarzining o‘sishi yuzasidan izohli material e’lon qilib, mablag‘lar qanday sohalarga ajratilayotgani haqida ma’lumot berdi. Vazirlikka ko‘ra, bu yerda asosiy tamoyil oddiy: investitsiyalar va resurslarni jalb etishdan ko‘zlangan maqsad – aholining turmush darajasini oshirish.
Live
Barchasi